Vashingtondagi aviahalokatda hech kim tirik qolmagan,- Tramp

Donald Tramp Vashingtondagi aviahalokatda hech kim tirik qolmaganini bildirdi.
AQSh prezidenti bu haqda matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, halokatga harbiy vertolyot ekipajining xatosi sabab bo‘lgan.
"Vertolyot qandaydir sababga ko‘ra yo‘lovchi layneri bilan bir xil balandlikda bo‘lgan va bu fojiani keltirib chiqargan. Yo‘lovchi samolyot ekipaji to‘g‘ri harakat qilgan, halokatga vertolyot sabab bo‘lgan", — dedi prezident.
Tramp, shuningdek, parvoz standartlarini yana qat’iylashtirishini bildirdi. U bu standartlarni birinchi prezidentlik muddati davomida kuchaytirganini, ammo keyinchalik Bayden ularni yumshatganini aytdi.
"Bayden va Obama siyosatni birinchi o‘ringa qo‘ygan, men esa xavfsizlikni ustuvor deb bilaman", — deya ta’kidladi Tramp.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti fojia uchun inklyuzivlik siyosatini aybladi. Unga ko‘ra, bu siyosat (turli jinsiy va boshqa ozchilik vakillarining ishga olinishini rag‘batlantirilishi) professionallik darajasini pasaytirgan.
Jurnalistning "Nega aynan inklyuzivlik siyosatini aviahalokat sababchisi sifatida ko‘rsatmoqdasiz?" degan savoliga, Tramp "Bu sog‘lom fikr" deb javob berdi.