O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasida ro‘y bergan o‘zgarishlar tahlil qilindi

O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasida ro‘y bergan o‘zgarishlar tahlil qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari 2017-2022 yillarda O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

O‘tkazilgan tahlil davrida mamlakatimizda raqamli infratuzilmaning barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha sezilarli o‘sish qayd etilgan. Shu jumladan:

- Xalqaro ma’lumotlarni uzatish tarmog‘iga (internet) ulanish tezligi 28 barobar oshdi va 2022-yilda 1800 Gbit/s ni tashkil etdi;
- provayderlar uchun internet tariflari narxi 30 barobar,ya’ni 2017-yildagi 90 dollardan 2022-yilda 3 dollargacha arzonlashdi;
- optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 7 barobar oshib, 2017-yildagi 24,5 ming km.dan 2022-yilda 170 ming km.gacha yetdi;
- mobil tayanch stansiyalar soni qariyb 3 barobar ko‘paydi va 2022-yilda 54 mingtaga yetdi;
- 2022-yilda aholining 75%i internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. 2017-yilda bu ko‘rsatkich 34,5% edi;
- uyali aloqa tarmoqlari abonentlari ulushi 2017-2022 yillarda 70% dan 86% ga (o‘sish 1,2 barobar) ko‘tarildi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (2026-yil oxirigacha uning YAIMdagi ulushini kamida 2,5 barobarga oshirish) “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida asosiy “drayver” sifatida belgilangan. Ushbu maqsadga erishish uchun raqamli xizmatlar bozori va infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shu jumladan:

- dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni 5 barobar, eksportini esa 10 barobar, ya’ni 500 million AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
- iqtisodiyotning real sektoridagi ishlab chiqarish va operasion jarayonlarda, moliya va bank sektorlarida raqamlashtirish darajasini 70% ga yetkazish belgilangan.
- shaharlarni rejalashtirish va qurilishni raqamlashtirish, ularni “Aqlli shahar” konsepsiyasi doirasida rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berish ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, raqamli infratuzilmani yanada takomillashtirish sifatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, aholining ta’lim, xizmatlar va onlayn bandlikdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!