«Eurovision 2024» g‘olibi Isroil sabab sovrinini qaytarib bermoqchi
«Eurovision 2024» g‘olibi Isroilning 2026 yilgi tanlovda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng sovrinini qaytarib berdi.
Isroilning 2026 yildagi «Eurovision» tanlovida ishtirok etishi haqidagi xabarlardan so‘ng tanlovning 2024 yildagi g‘olibi shveysariyalik qo‘shiqchi Nemo qo‘lga kiritgan sovrinini qaytarib bermoqda.
«Gap shundaki, tanlov ma’muriyati jiddiy ayblovlarga duch kelayotgan davlatning imijini tiklash uchun bir necha bor urinib ko‘rmoqda», – deb yozdi Nemo Instagram sahifasida.
U BMT Inson huquqlari kengashining tergov komissiyasi Isroil hukumati va xavfsizlik kuchlari G‘azo sektorida genosid sodir etgan degan xulosaga kelganini ta’kidladi.
«Eurovision» tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, tanlov birlik, inklyuzivlik va insoniy qadr-qimmat an’analarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo Nemo Isroilning ishtiroki bu qadriyatlar va Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi qarorlari o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.
O‘tgan hafta Jenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi a’zolari Isroilning ishtirokini ma’qullashdi. Bunga javoban Ispaniya, Niderlandiya, Irlandiya, Sloveniya va Islandiya teleradioeshittirish kompaniyalari Vena shahrida bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi qo‘shiq tanlovini boykot qilishni rejalashtirmoqda.
Nemo kubokni tanlovning Jenevadagi bosh ofisiga qaytarib berishini e’lon qilgan.
