O‘zbek va afg‘on bojxonachilari “Termiz xalqaro savdo markazi”da uchrashdi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Izzatulla G‘ulomov va Afg‘onistonning Balh viloyati bojxona tashkiloti rahbari Bilal Muhammad Abdullah boshchiligidagi delegasiya “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida uchrashuv o‘tkazdi.
Prezidentimiz mamlakatimizga chegaradosh xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yib, uni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu jarayonda o‘zbek-afg‘on xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yaxshilanib borayotir. Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida tashkil etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham davlatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yo‘q zamonaviy savdo zonasida ikki yon qo‘shni davlat fuqarolari va tadbirkorlari uchun qulay muhit shakllantirishga alohida ahamiyat berilib, doimiy tegishli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.
Afg‘onistonning Balh viloyati bojxona tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda savdo markazidagi afg‘on tadbirkorlari faoliyati va kirib kelayotgan fuqarolarni chegara hamda bojxona nazoratidan o‘tkazish masalalari, valyuta ayriboshlash, ruxsat etuvchi sertifikatlar va savdo qilinayotgan tovarlar hajmini oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ayni paytda Afg‘oniston tadbirkorlarining mamlakatimizda o‘z biznesini yuritishi uchun yetarli sharoit yaratilgan. Jumladan, birgina Surxondaryo vohasida afg‘onistonlik ishbilarmonlar ishtirokida 210 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stligimizni keng namoyon etgan savdo zonasi hududiga o‘rtacha ikki mingdan ortiq Afg‘on fuqarosi kelmoqda. Joriy yil avgust oyida ish boshlagan markazda shu kungacha 15,5 million dollarlik mahsulot eksporti va 10,6 million dollar hajmidagi mahsulot importi amalga oshirildi.
Ochiq muloqot chog‘ida mehmonlar O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘rsatayotgan iliq munosabatlari va yaqin qo‘shnichilik aloqalari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.