Odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo belgilanadi
Avval xabar berilganidek, bugun 21 dekabr kuni Senatning ikkinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlisda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Natijada odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirilib, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, muhokama davomida Qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilayotganligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.