«Metallurg» 2025 yilgi mavsumni Superligada o‘tkazmasligi aniq bo‘ldi
Bekobodning «Metallurg» klubi O‘zbekiston chempionatida yuqori diviziondagi 26 yillik ishtirokini yakunladi. Klubning Superliga-2025da ishtirok etmasligi aniq bo‘ldi.
PFL «Metallurg» PFK MCHJ ustav kapitalining 100 foiz ulushiga egalik qiluvchi O‘zmetkombinat AJga murojaat qilib, 24 dekabr sanasiga qadar klubning Superligadagi kelgusi taqdiriga oydinlik kiritishni so‘ragandi.
Kecha — 20 dekabr kuni O‘zmetkombinat AJ PFL so‘roviga javob qaytardi hamda «Metallurg» klubining Superligada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Javob xatida tashkilotning klubga homiylik mablag‘i ajratishi to‘xtatilgani va buning sabablari batafsil tushuntirilgan.
Avvalroq, «Metallurg» Superliga o‘tish o‘yinlari orqali ligadagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, tarkibidagi deyarli barcha futbolchilar bilan xayrlashgani ma’lum qilingandi.
«Metallurg» klubining Superligadagi o‘rnini egallash jarayoni qanday ketma-ketlikda bo‘lishi avvalroq ma’lum qilingandi. Mana shu yo‘nalish asosida klublarga qaror qabul qilish uchun ma’lum vaqt beriladi va ularning qarori ham Liga tomonidan rasman ma’lum qilinadi.
Mazkur mavzuning davomi PFL hamda Assosiasiya o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng rasmiy saytimizda e’lon qilinadi», - deyiladi PFL xabarida.
Avvalroq, Bekobod klubi o‘rniga avvalo «Olimpik» va «Xorazm» klublarining Superligada ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqilishi, bu amalga oshmasa, «Lokomotiv» Pro liga emas, Superligada ishtirok etishi mumkinligi xabar qilingandi.