O‘zbekistonlik milliy kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
“Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyati yanada kengaytiriladi hamda unga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi:
- kurash bo‘yicha xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimini joriy etish;
- kurash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur o‘quv-uslubiy va ilmiy-amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish;
- kurashning yangi yo‘nalishlarini joriy qilishda ishtirok etish, ularni ommalashtirish choralarini ko‘rish;
- kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilishni yo‘lga qo‘yish;
- kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish.
Shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar zimmasiga Kurash xalqaro assosiasiyasi va Xalqaro kurash institutining kurashni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish vazifasi yuklandi.
Bundan tashqari, mahalliy yirik tadbirkorlarni Kurash xalqaro assosiasiyasiga rasmiy homiy sifatida jalb qilib borish yo‘lga qo‘yiladi.