O‘zbekistonda xususiy maktablar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi
O‘zbekistonda xususiy maktab va texnikumlar tarmog‘ini kengaytirish uchun tadbirkorlarga qator yangi imtiyozlar beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida "Yangi O‘zbekiston" universitetida soha vakillari bilan uchrashuvda ta’lim tizimidagi yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi.
Xususan, maktablarda o‘quvchi o‘rniga talab yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy ta’lim muassasasi tashkil etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 10 foizli imtiyozli kredit ajratiladi.
Shuningdek, maktabni ochish va jihozlash uchun sarflangan xarajatlarning 15 foizigacha, biroq 1,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya berish rejalashtirilgan. Binosini xususiy maktab uchun ijaraga bergan mulk egalari esa yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar oladi.
Barcha tumanlarda foydalanilmayotgan davlat binolarini xususiy maktab tashkil etish uchun 10 yilga bepul ijaraga berish ham ko‘zda tutilgan. Xalqaro akkreditasiyadan o‘tish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Yangi imkoniyatlar xususiy texnikumlarga ham tatbiq etiladi. Sanoat, servis va infratuzilma kabi iqtisodiyot uchun muhim sohalarga mutaxassis tayyorlaydigan nodavlat texnikumlarda kelasi o‘quv yilidan talabalarning 50 foiziga davlat granti ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, xorijiy ta’lim dasturi yoki franshizasini olib kirish xarajatlarining 75 foizi qoplab beriladi. O‘quv laboratoriyalari hamda zarur jihozlarni import qilishda bojxona to‘lovlari bo‘yicha ham yengilliklar beriladi.
Prezident keltirgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda birinchi sinfga 800 ming nafar bola qabul qilingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz ko‘p. 2030 yilga borib esa birinchi sinf o‘quvchilari soni 1 millionga yetishi prognoz qilinmoqda. Davlat investisiya dasturlari hisobiga har yili 180–200 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilayotgani qayd etildi.
