O‘zbekistonda tabiiy gazdan eng ko‘p noqonuniy foydalangan hududlar aniqlandi

O‘zbekistonda tabiiy gazdan eng ko‘p noqonuniy foydalangan hududlar aniqlandi

«O‘zbekneftgazinspeksiya» boshqarma boshlig‘i Abdujabbor Pozilov 2020 yil davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, noqonuniy daromad olish bilan bog‘liq 2 mingdan ortiq holat aniqlangan.

«Inspeksiya va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida ulgurji iste’molchilar tomonidan sodir etilgan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari o‘rganildi.

Aniqlanishicha, ushbu davr mobaynida respublika bo‘yicha 2183 ta holatda 62 mln kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan va davlat manfaatlariga 67 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatini hududlar kesimida tahlil etadigan bo‘lsak, Navoiy viloyatida 408 ta holatda 6 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida 330 ta holatda 18 mlrd so‘m, Andijonda 198 ta holatda 2,9 mlrd so‘m, Xorazmda 177ta holatda 3,3 mlrd so‘mlik gaz talon-toroj qilingan.

Shuningdek, Qashqadaryoda 146 ta holatda 2,9 mlrd so‘mlik, Samarqandda 52 ta holatda 4 mlrd so‘mlik, Toshkent shahrida 33 ta holatda 12 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan gaz ta’minoti korxonasi tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli tartibda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan va zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu noqonuniy holatlar asosan ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan iste’molchilar tomonidan sodir etilmoqda. Misol uchun, oxak ishlab chiqaruvchi korxonalar 41 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan va davlatga yetkazilgan zarar 3 mlrd so‘mni tashkil etgan», – dedi Abdujabbor Pozilov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!