O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda texnik tartibga solish faoliyati o‘rganildi

O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda texnik tartibga solish faoliyati o‘rganildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda texnik tartibga solish faoliyati o‘rganildi.

Iqtisodiyot samaradorligini oshirish, yetkazib berilayotgan mahsulotlarning ishonchliligi, xavfsizligi, foydalanishda qulayligi va sifatini ta’minlashda texnik jihatdan tartibga solishning ahamiyati katta.

So‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida:

- huquqiy asoslar mustahkamlandi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditasiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi;
- “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “e-standart”, “e-metrologiya” va "e-akkreditasiya" axborot tizimlari ishlab chiqildi;
- xalqaro talablarga uyg‘unlashtirilgan standartlar soni 19,5 mingtaga yetdi va umumiy standartlar sonidagi ulushi 10 foizdan 80,4 foizgacha oshdi;
- joriy qilingan xalqaro texnik reglamentlar soni 4,8 marotaba (12 tadan 57 taga) oshdi.

ISO 9001 xalqaro standartiga muvofiq eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli sohalarda faoliyat yurituvchi 4961 korxonada Sifat menejmenti tizimlari joriy etildi.

Mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan “Korxonabay” tizimining tatbiq etilishi tadbirkorlik sub’ektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikning aniq mexanizmlaridan foydalanish imkonini berdi.

14,9 mingta korxonada tadbirlar o‘tkazilib, standartlashtirish, metrologiya, 1,4 ming turdagi mahsulotni sertifikatlash yo‘nalishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi sinov laboratoriyalari modernizasiya qilindi yoki yangi uskunalar bilan bilan ta’minlandi, 4 ta laboratoriya xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazildi, 13 ta yangi laboratoriya tashkil etildi.

"O‘zbekiston akkreditasiya markazi” davlat unitar korxonasi Xalqaro laboratoriya akkreditasiyasi tashkiloti (ILAC MRA)ning to‘liq a’zoligiga qabul qilindi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan sinovlarning natijasi dunyodagi 116 ta mamlakatda tan olinadi.

Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, Global GAP, Organic, CE va boshqa xalqaro standartlar to‘qimachilik sohasidagi 157 ta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektoridagi 225 ta, elektrotexnika tarmog‘idagi 53 ta korxonada joriy etilgan.

Shakllangan texnik jihatdan tartibga solish tizimi bundan keyin ham tarmoqlar va umuman O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada samarali rivojlantirish, iste’molchilar huquqini himoya qilishda ko‘mak beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!