O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik faollashmoqda

O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik faollashmoqda

Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi va "NatStrat" nodavlat tahlil markazi hamkorligida O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Diplomatik missiya rahbari Sardor Rustamboyev mamlakatimizda so‘nggi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investisiyaviy va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay muhit, O‘zbekiston-Hindiston serqirra aloqalarining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot taqdim etdi.

O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, ayniqsa, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi tarixiy o‘zaro bog‘liqlikni yanada faollashtirish bo‘yicha ilgari surilayotgan muhim tashabbuslar va ularning natijalariga e’tibor qaratildi. Mintaqalararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda O‘zbekiston va Hindistonning alohida o‘rni ta’kidlandi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari sezilarli rivoj topayotgani, savdo-iqtisodiy munosabatlar mustahkamlanayotgani, turizm oqimi bir necha bor oshgani, ilm-fan, texnologiyalar va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda yangidan yangi loyihalar amalga oshirilayotgani urg‘ulandi. Ushbu natijalar salmog‘ini yanada oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

"NatStrat" tahlil markazi rahbari, Hindistonning Rossiya va Bangladeshdagi sobiq elchisi Pankaj Saran O‘zbekiston bilan hamkorlik Hindiston uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini, o‘zaro munosabatlar salohiyati yuqoriligi va undan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun yaratilgan sharoitlarni yanada takomillashtirish zarurligi, xususan, zamonaviy transport-logistika yo‘laklari barpo etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish haqida fikr yuritildi. Ushbu jarayonda ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.

– Hindiston-O‘zbekiston hamkorligining salohiyati juda katta, – dedi Pankaj Saran. – O‘zaro aloqalarimizning tarixi chuqur, lekin istiqboldagi munosabatlarimiz uchun ham katta salohiyat mavjud. Hindiston O‘zbekiston uchun barqaror taraqqiyot yo‘lida yaqin hamkor, mamlakatingizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun katta bozor bo‘lishi mumkin. Hindiston va O‘zbekiston sanoat, texnologiyalar, farmasevtika, tibbiyot, turizm va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Bugungi tadbirda ikki mamlakat tahlil markazlarining ushbu jarayondagi faol ishtiroki masalalariga e’tibor qaratdik.

Davra suhbati ishtirokchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!