O‘zbekiston ulamolari Afg‘onistonga safar qildi
Safar asnosida mamlakatimiz tomonidan barpo etilayotgan Balh viloyatidagi Imom al-Buxoriy madrasasi, Mozori Sharif shahrida joylashgan “Ravzai Sharif” masjid-majmuasi, Kobul shahridagi “Pag‘mon qasri” majmuasi kabilarni ziyorat qilindi.
Shu yilning 23-26 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegasiya Afg‘onistonda xizmat safarida bo‘ldi, deb xabar beradi Idora axborot xizmati.
Uchrashuvlarda tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, turli yo‘nalishlardagi hamkorlik munosabatlari, yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalari mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Xususan, Afg‘oniston tomoni davlatimiz rahbari bir necha bor dunyo hamjamiyatiga ushbu yurtda tinch va osuda hayot uchun taqdim etgan tashabbuslari o‘zining ijobiy samarasini berayotganini alohida qayd etdilar. Ayniqsa, O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinchlik qaror topishi va dolzarb muammolarni hal etishdagi yordamlari yuqori baholandi.
O‘z navbatida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida barcha sohalar qatori, diniy-ma’rifiy jabhada ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar bo‘layotgani, xususan, yangi masjid-madrasalar, ochilayotgani, Qur’oni karim kurslari faoliyat yuritayotgani, Fatvo markazi ish boshlagani, haj va umra qiluvchilar soni oshayotgani va Islom sivilizasiyasi markazi kabi yirik loyihalar ishga tushirilayotganini alohida qayd etdilar. O‘zbekiston ulamolarining Afg‘oniston diyoriga tarixiy tashrifi ham mana shunday yangilanishlarning uzviy davomi ekani e’tirof etildi.
Din peshvolari o‘zbek va afg‘on xalqlarini azal-azaldan yagona din, mushtarak maqsadlar birlashtirib turishini ifodalash barobarida ulamolar hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya, o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda aloqalarni joriy etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Mezbonlar Balh viloyatida Imom Buxoriy madrasasi bunyod etilayotgani, O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hamda insonparvarlik yordamlari uchun Afg‘oniston xalqi nomidan O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik izhor etdilar.
Safar asnosida mamlakatimiz tomonidan barpo etilayotgan Balh viloyatidagi Imom al-Buxoriy madrasasi, Mozori Sharif shahrida joylashgan “Ravzai Sharif” masjid-majmuasi, Kobul shahridagi “Pag‘mon qasri” majmuasi kabilarni ziyorat qilindi. Shuningdek, Kobul shahrida joylashgan “Bobur” qadamjosida Qur’oni karim tilovat qilinib, buyuk shoir, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur ruhi shod etildi.
O‘zbekiston ulamolarining Afg‘oniston safari ikki mamlakat din peshvolari hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani bilan ahamiyatli bo‘ldi.