O‘zbekiston TIV husiylarning Ar-Riyozdagi aeroportga hujumini qat’iy qoraladi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni poytaxtidagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga amalga oshirilgan hujum oqibatida beayb insonlar halok bo‘lgani va tinch aholi vakillari jarohatlanganidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi. Vazirlik hujumni qat’iy qoraladi.
Vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirib, fojia oqibatida jabrlanganlarga hamdardlik izhor etdi. Shuningdek, jarohat olganlarning tezroq va to‘liq sog‘ayib ketishini tiladi.
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
Tashqi ishlar vazirligi tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanishini ta’kidladi. Bunday harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi shartligi qayd etildi.
Tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi lozimligi bildirildi.
O‘zbekiston barcha tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga, keskinlikning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot hamda diplomatik vositalar orqali hal etishga da’vat etdi.
Vazirlik bayonotida O‘zbekiston Saudiya Arabistoni xalqi va Hukumati bilan birdam ekani, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligi yana bir bor tasdiqlangan.
