O‘zbekiston qilichbozlik federasiyasi bosh hakami Aida Xasanova vafot etdi

O‘zbekiston qilichbozlik federasiyasi bosh hakami Aida Xasanova vafot etdi

23 may kuni taniqli qilichboz, O‘zbekiston qilichbozlik federasiyasi bosh hakami, xalqaro toifadagi hakam Aida Xasanova 39 yoshida vafot etdi, deb xabar qilindi federasiya saytida.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga bergan xabariga ko‘ra, o‘sha kuni u Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida kosmetologik operasiya qilingan.

Sog‘lig‘i yomonlashgani bois shifokorning qarori bilan kasalxonaga yotqizilgan, biroq kechqurun u reanimasiyada vafot etgan.

O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ayni paytda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Aida Xasanova 1983 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, 2001−2006 yillarda Markaziy Osiyo chempioni, 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnir oltin medali sovrindori.

2014 yilda u uch turdagi qurollardan foydalangan holda qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi xalqaro hakam bo‘ldi.

O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federasiyasi (FIE) hakami bo‘lib, yirik xalqaro chempionat va turnirlarda ishlagan.

2015 yilda ilk bor jahon va Osiyo chempionatlarining final bosqichida o‘zbekistonlik hakam sifatida ishtirok etdi.

Qilichbozlik rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2017 yildan O‘zbekiston qilichbozlik federasiyasiga bosh hakam etib tayinlangan. U xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan ko‘plab sportchilarni tarbiyalagan.

2019 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan birinchi hakam etib saylandi. Ushbu o‘yinlarda u Osiyoni himoya qiladigan yagona ayol qilichbozlik hakami edi.

2020 yildan beri FIE hakamlar komissiyasi a’zosi edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!