O‘zbekiston Prezidenti Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Prezidenti Fransiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

Bugun, 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda «MEDEF» Fransiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gotye, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, rasmiy tashrifning birinchi kunidagi tadbirlar ishbilarmonlik masalalariga bag‘ishlanganiga e’tibor qaratdi.

– Bu O‘zbekiston muhim va ishonchli hamkorimiz – Fransiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qat’iyligidan yana bir bor dalolat beradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Valyuta bozori erkinlashtirildi, foydani repatriasiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilindi, banklar, yirik sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinmoqda.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda aniq choralar amalga oshirilmoqda.

- Har bir investor O‘zbekiston deganda, eng avvalo, barqarorlik va kelajakka ishonchni tasavvur qilishiga intilayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jahondagi bugungi beqarorlik sharoitida manfaatlarni hisobga olish va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali va konstruktiv sheriklikni chuqurlashtirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, Fransiya biznesining O‘zbekiston bozoriga chiqishi uchun katta istiqbollar ochilmoqda. Mamlakatimizning jozibadorligi Markaziy Osiyoda aholi soni bo‘yicha eng yirik davlatligi, mahsulotlarimiz MDHning ulkan bozoriga bojsiz yetkazib berilayotgani bilan ham izohlanadi.

O‘zbekiston fransiyalik tadbirkorlarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma bilan ta’minlash, imtiyozlar va kafolatlangan xaridlar ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlash va boshqa ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, “yashil” energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sog‘liqni saqlash sohasini uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Mamlakatimizda qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.

Fransiya biznes delegasiyasining har bir a’zosi bilan suhbatlashib, davlatimiz rahbari tadbirkorlarni mamlakatimizga kelish va O‘zbekiston investisiya kiritish uchun eng qulay joy ekaniga ishonch hosil qilishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning mas’ul rahbarlariga tadbirda bildirilgan barcha tashabbuslarni o‘z ichiga olgan hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, aniq muddatlari va ijrochilari ko‘rsatilgan Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!