O‘zbekiston Prezidenti YEOII sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdilar. YEOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari – Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya Respublikasi savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.
Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperasiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.
O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida YEOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Keyingi to‘rt yilda kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshdi va 20 milliard dollarga yaqinlashdi.
Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026 yilgacha hamkorlik rejasi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda qo‘shma Ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida YEOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va YEOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.
– Ishonchimiz komil, chegaralararo ma’lumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, kechikishlarni kamaytirishga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yo‘laklariga integrasiya qilishga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlashda savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini ta’kidladi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun MDH va YEOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona ma’murchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston – YEOII” qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida mamlakatimiz rahbari mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda tuzishni taklif qildi.
O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Prezidenti bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda “uzluksiz” modelga o‘tish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.
– Raqamli platformalarni, jumladan, elektron savdo va raqamli markirovkani uyg‘unlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni YEOIK bilan birgalikda tayyorlashni taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston YEOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yo‘nalishlaridagi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdor.
Turizm almashinuvini rag‘batlantirish va turistik mahsulotlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston turizm sohasida integrasiyalashgan axborot resursini shakllantirish ishlariga qo‘shilishga ham tayyorligini bildirdi.
Yakunda davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqladi.






