Mers: AQSh Rossiya nefti bo‘yicha bosimni yumshatib xato qilmoqda
Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh tomonidan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatish qarorini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, bu qaror global miqyosda Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi.
💬 «Eron va Ukrainadagi urushlar o‘zaro bog‘liq. Rossiya, albatta, Eron atrofidagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Rossiya har qanday imkoniyatdan foydalanib, NATOni sinab ko‘radi va Ukrainani zaiflashtirishga harakat qiladi. Shuning uchun Vashingtonning Rossiya neftini sotish bo‘yicha cheklovlarni yumshatganini noto‘g‘ri deb hisoblaymiz», — dedi Mers.
Kansler shuningdek, jahon bozorida hozir narxlar beqarorligi kuzatilayotganini, ammo bu holat real neft tanqisligi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Uningcha, bu kabi imtiyozlar uchun asos yo‘q.
Bayonotlar 2026 yil 16 mart kuni Berlinda, Niderlandiya bosh vaziri Rob Etten bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida yangradi.
AQSh tomonidan sanksiyalarni yumshatish — ya’ni Rossiya neftini tashuvchi tankerlar bilan bog‘liq operasiyalarga 30 kunlik lisenziya berish — Yaqin Sharqdagi keskinlik, Hurmuz bo‘g‘ozidagi blokada va neft narxlarining o‘sishi fonida amalga oshirilgan.
AQSh Moliya vazirligi buni «texnik chora» deb atab, mazkur neft uchun soliqlar allaqachon Rossiya byudjetiga to‘langanini bildirgan. Biroq Yevropa davlatlari fikricha, baribir yuqori narxlar sharoitida Rossiya katta iqtisodiy foyda oladi.
