O‘zbekiston–Evropa Ittifoqi: yilning eng muhim besh hodisasi
Evropa Ittifoqi dunyoning ilm-fan, iqtisodiyot va innovasiyalar taraqqiy etgan hududlaridan biri ekani sir emas. 450 milliondan ziyod nufusga ega YEIning yalpi ichki mahsuloti qariyb 19 trillion dollarni tashkil etadi. Poyoniga yetayotgan 2025 yilda O‘zbekiston–EI munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarildi. YEI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi, Samarqand va Bryusselda sammitlar bo‘lib o‘tdi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi yuzasidan YEI bilan muzokaralari yakunlandi. Quyida yil davomida ro‘y bergan eng muhim besh hodisaga e’tibor qaratamiz.
I. Ilk sammit va ko‘p milliardlik sarmoya
4 aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa investisiya banki rahbarlari ishtirok etdi.
Mashvaratda investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, innovasiyalar, “yashil” energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma dastur va kooperasiya loyihalarini ilgari surish, madaniyat, turizm, fan, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sammit doirasida Yevroittifoq “Global Gateway” dasturi bo‘yicha 12 mlrd yevro hajmidagi investisiya paketini e’lon qildi.
Ushbu sarmoya paketi mintaqa uchun muhim bo‘lgan to‘rtta sohaga yo‘naltiriladi: transport (3 mlrd yevro), kamyob muhim minerallar (2,5 mlrd yevro), gidroenergetika va iqlim (6,4 mlrd yevro) hamda sun’iy yo‘ldosh interneti (100 mln yevro).
Mintaqa va YEI o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani kuzatilmoqda. So‘nggi yetti yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. Samarali hamkorlik platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlar yig‘ilishlari, forumlar va sammitlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
“Biz YEI bozoriga yuqori sifatli, ekologik toza va Yevropa standartlariga javob beradigan mahsulotlarni ko‘proq yetkazib berishga tayyormiz. Bugungi kunda samarali transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish ahamiyati ortib bormoqda va Markaziy Osiyo Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi shunchaki “ko‘prik” emas, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin”, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti oldidan “Euronews”ga bergan intervyusida.
II. Yangi davrni boshlab berayotgan hujjat
24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA – Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996 yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini egallaydi.
Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral oyida boshlanib, 2022 yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022 yil 6 iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.
9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bitim ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamraydi.
“Samarqandda biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni chuqurlashtirishga va’da bergandik. Bugun esa biz O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorligimizni yanada mustahkamlab ushbu va’dani amalda bajarmoqdamiz. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida fuqarolarimizning o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratadi. Bu allaqachon mustahkam bo‘lgan sheriklikni yanada mustahkamlash onidir”, – dedi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen.
Prezident SH.Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuvda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.
O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.
“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Infratuzilma va logistika, raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari ham ustuvor ahamiyatga ega.
III. Rejadan – amaliy natijaga
26 noyabr kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo uchinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda ikki mintaqa rahbarlari iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik investisiyalarni ilgari surish va barqaror o‘sishni rag‘batlantirish masalalarini muhokama qildilar.
EIning “Global darvoza” strategiyasi doirasidagi yirik maqsadlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun asosiy maydon bo‘lib xizmat qilgan anjumanda davlat moliyasini isloh qilish, resurslarni mas’uliyatli boshqarish, chegaralarni boshqarish hamda mintaqaviy ekologik tiklashni qo‘llab-quvvatlovchi bir qator yirik dasturlar imzolandi.
Forum davomida Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela DATA4CRM (geoma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish), SECURE CRM (Markaziy Osiyoda xomashyo qiymat zanjirlarini mustahkamlash), GROW CRM (Markaziy Osiyoda muhim xomashyo faoliyatini kengaytirish), Orolbo‘yi loyihasi, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (BOMCA) va Markaziy Osiyo giyohvandlikka qarshi dasturi (CADAP) kabi ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlarni taqdim etdi.
“2025 yil Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi “Global darvoza” strategiyasi doirasida birgalikda qancha natija bera olishini yana bir bor isbotladi. Biz imkoniyatlardan raqamli o‘zaro obog‘liqlik, toza energiya va zamonaviy transport yo‘nalishlarida amaliy natijalarga o‘tmoqdamiz”, – dedi YEIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela.
IV. Tashriflar, loyihalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr Toshkentda YEIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
O‘zbekiston yetakchisi yevrokomissarlarni Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda yakunda mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda YEIning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. GSP+ dasturi tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirdi 2024 yilda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroga yetdi. Bu esa 2020 yilga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishni anglatadi. Yurtimizda Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi.
EI komissari Yozef Sikela joriy yil mart oyida ham O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.
Yil davomida YEI bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkentda Migrantlar resurs markazi ochildi. “Protect: Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda migrasiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni takomillashtirish” loyihasi doirasida ochilgan markaz mintaqa bo‘ylab mehnat muhojirlarining xavfsiz va legal migrasiya xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, odam savdosi tahdidlari borasida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“Evropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ilk Migrantlar resurs markazini tashkil etishga ko‘mak ko‘rsatayotganidan mamnun. Bunday markazlar insonlarga migrasiya borasida muhim qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishda alohida ahamiyat kasb etadi”, – dedi YEIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Shuningdek, YEI tomonidan moliyalashtirilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan loyiha ishga tushirildi.
Umumiy qiymati 4,9 mln yevrolik loyihada BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Adliya vazirligi asosiy hamkor hisoblanadi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, 2029 yil yakunida loyiha doirasida 11 ta bek-ofis muassasasining funksional tahlili o‘tkaziladi, 1000 nafar davlat xizmatchisi inklyuziv va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi, kamida 35 ta davlat xizmati raqamli transformasiya qilinadi, mamlakat bo‘ylab 34 ta yangi davlat xizmatlari burchaklari tashkil etiladi.
V. Kinofestival va o‘zbekistonlik talabalar uchun grant imkoniyati
Toshkent va Bryussel munosabatlarida madaniy-gumanitar yo‘nalish ham alohida o‘rin tutadi.
6 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida X Yevropa kinofestivalining ochilish marosimi o‘tkazildi.
2013 yilda tashkil etilganidan beri festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv, ijodiy hamkorlik va umumiy qadriyatlar ruhini o‘zida mujassam etib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida YEIning 22 davlati kinoustalari suratga olgan 110 dan ziyod film O‘zbekistonning to‘qqiz hududida namoyish etildi. Muhim madaniy tadbir 30 mingdan ortiq tomoshabinni birlashtirdi.
Bu yil esa 7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12 noyabr kuni Termizda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Festival dasturiga Yevropaning 12 mamlakatidan 12 ta sara film kiritilgan.
An’anaga ko‘ra, bir guruh o‘zbekistonlik iqtidorli talabalar YEIning Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. 2025 yilgi tanlov natijalariga muvofiq g‘olib deb topilgan talabalarning 9 nafari qizlar, 4 nafari yigitlardir.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturdir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegasiyasi raisi Tomash Zdexovskiy joriy yil aprel oyida yurtimizga tashrifi chog‘i YEI tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilgan grant ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib borilishini aytgandi.
