O‘ZBEKISTON DELEGASIYASI TURKIYADA O‘TKAZILGAN STRATEGIK KOMMUNIKASIYALAR XALQARO SAMMITIDA ISHTIROK ETDI

O‘ZBEKISTON DELEGASIYASI TURKIYADA O‘TKAZILGAN STRATEGIK KOMMUNIKASIYALAR XALQARO SAMMITIDA ISHTIROK ETDI

Joriy yilning 24-25 noyabr kunlari Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot-Kommunikasiyalar departamenti tashabbusi bilan Strategik kommunikasiyalar xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegasiyasi tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
Shuningdek, sammitda qator xalqaro tashkilotlar, siyosiy, iqtisodiy, tahliliy va diplomatik doiralar vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, OAV va jurnalistlar qatnashdi.

Bu yil uchinchi bor o‘tkazilgan sammit “Gibrid tahdidlarga qarshi global kurash: barqarorlik, xavfsizlik, birdamlik” shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, uning birinchi kunida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tadbir ishtirokchilariga video murojaat yo‘lladi. Xususan, Turkiya Prezidenti o‘z nutqida dunyodagi mavjud geosiyosiy beqarorlikka alohida to‘xtaldi.

“So‘nggi paytlarda boshimizdan kechirgan voqealar bizga eslatgan eng muhim masala strategik aloqaning ahamiyatidir. Urush, to‘qnashuv, hujum va mudofaa faqatgina jang maydonlarida emas, media makonda ham avj olayotganini hammamiz ko‘rdik va ko‘ryapmiz”, - dedi Rejep Tayyip Erdog‘an.

Turkiya Prezidenti, shuningdek sammit qatnashchilarini inson huquq va erkinliklarini poymol qilishga qaratilgan har qanday dezinformasiyaning halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.

Sammit ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiya Prezidenti huzuridagi Axborot-Kommunikasiyalar departamenti direktori Faxretdin Altun mazkur sammitning gibrid tahdidlarga qarshi kurashishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi. Faxretdin Altun gibrid tahdidlarni bugun dunyoda raqobat, kurash va urushning yangi usullari, deb atadi va unga qarshi turish uchun birinchi navbatda milliy xavfsizlik va mudofaa mexanizmlarini isloh qilish, moslashuvchan va ko‘p qirrali kurash strategiyalarini ishlab chiqish kerakligi haqida gapirdi.

“Dezinformasiya yolg‘on ma’lumotlarning ko‘payishiga va haqiqat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, haqiqat inqirozi bugungi kunda xalqaro maydonda yaqqol sezila boshlagan demokratiya inqirozini keltirib chiqaradi"- dedi Faxretdin Altun.

Altunning ta’kidlashicha, “gibrid tahdidlar” birinchi galda “proksi urushlar”, “siyosiy manipulyasiyalar”, “iqtisodiy bosim elementlari”, “xalqaro huquqni manipulyasiya qilish”, “terrorizm”, “kiber hujumlar” kabi tushunchalarni nazarda tutadi. O‘z navbatida Faxretdin Altun Turkiya strategik kommunikasiyalar sohasida o‘zaro hamkorlikning global markaziga aylanish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Fidan Xoqon o‘z nutqida bugungi kunda urush va tinchlik o‘rtasidagi chegara tobora noaniqlashib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, u dezinformasiyaga qarshi kurashish uchun strategik aloqalar zarurligini, bu yo‘lda barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish kerakligini aytdi.

Ikki kun davom etgan sammitda strategik kommunikasiyalar sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, 50 dan ortiq mamlakatlardan tashrif buyurgan siyosatchilar va ekspertlar dunyo davlatlarining axborot siyosati va dezinformasiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirib kelayotgan siyosati bo‘yicha fikr almashildi.
Jumladan, “Gibrid tahdidlarning yangi jabhalari”, “Gibrid inqirozlarda muloqotdagi qiyinchiliklar”, “Haqiqat prizmasidagi voqelik: gumanitar inqiroz va mojarolarni fosh etish”, “Yangi mojaro zonalari: XXI asr inqirozlari va ziddiyatlar” kabi mavzularda 9 ta panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sammitning «Strategik kommunikasiyalarning yangi dilemmalari: axborot xavfsizligi va shaffoflik» mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida bo‘lib o‘tdi. Unda axborotni manipulyasiya qilish bo‘yicha mamlakatlar tajribalari ko‘rib chiqilib, kiberhujumlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!