O‘zbek kinoijodkorlarining «Issiq non» filmi «Kinoshok» festivalida gran-prini qo‘lga kiritdi!

O‘zbek kinoijodkorlarining «Issiq non» filmi «Kinoshok» festivalida gran-prini qo‘lga kiritdi!

1–8 sentyabr kunlari Rossiyaning Anapa shahrida «Kinoshok» XXVIII ochiq festivali bo‘lib o‘tdi. Uning yopilish marosimida festival g‘oliblari e’lon qilindi. O‘zbek kinoijodkorlarining «Issiq non» filmi festivalning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Kinoshok» Anapada 1992 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Unda MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari kinochiligi vakillari, shuningdek, boshqa o‘lkalardan mehmon ishtirokchilar qatnashib keladi. «Kinoshok» Rossiyadagi eng yirik kinofestivallardan biri hisoblanadi.

Festivalning bosh mukofoti – gran-prisi «Oltin novda» deb ataladi. Joriy yilda uni o‘zbekistonlik rejissor Umid Hamdamov ijodiga mansub «Issiq non» filmi qo‘lga kiritdi.

Film 13–14 yoshlar orasidagi Zulfiya ismli qiz (Zarina Ergasheva ijrosida) haqida hikoya qiladi. Maktab-internatda yashagan qiz bundan buyon onasi bilan birga bo‘lish orzusida bu maskanni tark etadi, ammo uni buvisi (Munavvara Abdullayeva) o‘z qishlog‘iga olib ketadi. Shundan so‘ng nabira va buvi o‘rtasidagi murakkab munosabatlar boshlanib ketadi.

Bosh mukofotdan tashqari, «Issiq non» yana qator nominasiyalarda g‘olib keldi. Jumladan, Zulfiyaning kelinoyisi rolini ijro etgan Feruza Saidova to‘liq metrajli filmdagi eng yaxshi ayol roli nominasiyasida g‘olib bo‘ldi. Film bastakori Toir Qo‘ziyevning mehnati ham e’tirof etildi – u to‘liq metrajli filmdagi eng yaxshi musiqa nominasiyasida g‘olib bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!