Urushsiz yashab bo‘lmaydimi?
Insoniyat tarixi boshlanibdiki, juda ko‘p qonli urushlarning guvohi bo‘ldi. Odam alayhissalomning farzandlari Qobilning ukasi Hobilga hasadi bilan «meros» qolgan ilk qon to‘kish, bugungi kunga kelib juda ko‘plab kishilarning yostig‘i qurishiga, ota-onalarning farzandsiz, bolalarning otasiz, ayollarning ersiz qolishiga, shaharlarning kuli ko‘kka sovurilishiga sabab bo‘ldi.
– Insoniyat butun tarixi mobaynida bor-yo‘g‘i 292 yilgina urushlarsiz yashagan.
– Angliya va Fransiya o‘rtasida 1337 yildan 1453 yilgacha, jami 115 yil davom etgan urush jahon tarixidagi eng uzoq urush hisoblanadi.
– Hozirgacha Yer yuzida jami 15 mingdan ortiq urush bo‘lgan, shundan 5700 tasi katta urushlar edi, qabilalararo etnik urushlar bunga kirmaydi. Ular soni XVI asrda 106 ta, XVII asrda 231 ta, XVIII asrda 703 ta bo‘lsa, XIX asrda 730 taga yetgan. O‘tgan asrda esa Ikkinchi jahon urushigacha 882 ta, undan keyin esa 300 dan ortiq urush bo‘ldi.
– Urushlar oqibatida XVII asrda 3,3 million, XVIII asrda 5,4 million, XIX asrda 5,7 million kishi halok bo‘ldi. O‘tgan asrdagi Birinchi jahon urushida 10 million, Ikkinchi jahon urushida 52 million kishi qurbon bo‘ldi.
– Mutaxassislar hisobicha, Yuliy Sezar davridagi urushlarda bitta odamni halok qilishga 1 dollar, Napoleon davrida 1000 dollar, Birinchi jahon urushida 21000, Ikkinchi jahon urushida 200 ming dollar miqdorida mablag‘ sarflangan.
– Taniqli iqtisodchi Nobel mukofoti sohibi Jozefning hisobicha, AQSh boshliq harbiy koalisiya Iroqdagi urushga 5 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Ammo Iroq aholisidan qurbon bo‘lgan 3 million kishining xunini nima bilan o‘lchasa bo‘larkin?! Harbiylar ham 3000 dan ziyod askarini qurbon berishdi, AQSh armiyasining 16,2 ming askari yaralandi.
– Hozir kurramizda to‘plangan eng o‘tkir zahar – sianid quroli bilan 750 milliard kishining yostig‘ini quritish mumkin.
– Shveysariyalik olimlar hisob-kitobiga qaraganda, insoniyatning oxirgi besh yuz yillik hayotida yuz bergan 14.000 urushda qariyb 5 milliard odam halok bo‘lgan.
– XX asr «eng qonli» yuzyillik bo‘ldi, shu asrdagi urushlarda jami 70 million kishining yostig‘i quridi.
– BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda har yigirma daqiqada kimdir turli minalarning portlashidan halok bo‘ladi. XX asr boshlarida minadan qurbon bo‘lganlarning 80 foizini harbiylar tashkil etgan bo‘lsa, hozir halok bo‘layotganlarning shunchasi tinch aholi vakillaridir.
– Bitta minaning narxi 3 dollar, uni zararsizlantirishga esa 1000 dollar mablag‘ kerak bo‘ladi.
– Mutaxassislar hisobicha, oddiy urushlarda qurbon bo‘lganlardan bir jangchiga tinch fuqarolardan 10 kishi, yadro urushida esa bir jangchiga 100 nafar tinch fuqaro to‘g‘ri keladi.
– Oxirgi o‘n yil mobaynida kechgan urushlarda 1,5 million bola halok bo‘ldi.
– Ikkinchi jahon urushi mobaynida O‘zbekistonga urush joylaridan 200 ming bola ko‘chirilgan.
– Bugungi kunda bir daqiqada dunyoda 25–30 ta bola ochlikdan o‘layotgan yoki kasallikdan vafot etayotgan bir paytda ana shu bir daqiqa ichida 3,7 million dollar mablag‘ harbiy maqsadlarga sarflanmoqda.
– Ikkinchi jahon urushining «qiyofasi» bunday: urush 6 yil davom etdi, unda 60 dan ortiq mamlakat ishtirok etdi, urushgan davlat aholisi soni 1,7 milliard kishidan ko‘proq edi, 22 million kvadrat metr maydonda harbiy harakatlar kechdi, 110 million kishi qurolli kuchlar safiga jalb qilindi, 50 million kishi halok, 90 million kishi yarador yo mayib bo‘ldi, moddiy talafotlar hajmi 4 trillion dollarni tashkil etdi.
– 2008 yili dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar oldingi yilga nisbatan to‘rt foizga o‘sdi va 1,5 trillion AQSh dollarini tashkil etdi.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
«Hilol» jurnalining 8(17) sonidan olindi.
