Ulamolarimizni e’zozlash

Ulamolarimizni e’zozlash

Alloh taoloning shariati va dinining hukmlarini bilgan kishi bilan biror narsani bilmaydigan kimsa barobar bo‘lmaydi. Xuddi oq bilan qora, zulmat bilan ziyo barobar bo‘lmaganidek. Imom Ahmad rahmatullohi alayh odamlarning ulamolarga hojatini yodga olganda: «Odamlar ilmga muhtojliklari taom va ichimlikka hojatlaridan ko‘proq. Chunki taom va ichimlikka bir kunda bir yoki ikki marta ehtiyoj tushadi. Ilmga esa nafaslar adadicha ehtiyoj tushadi», deb aytganlar.

Ilm qayerdan olinadi? Faqat o‘z egalaridan. O‘z egalaridan hosil qilinadi. Agar inson shuni xohlasa, bas, unga Alloh taolo manzilatlarini oliy qilgan, o‘rinlarini yuqori qilgan, sha’nlarini ulug‘ qilgan ana shu ulamolarga bog‘lanishi vojib bo‘ladi.

Darhaqiqat, ba’zi ulamolar sof niyatlari ila zohiran dunyo ahli va unga rag‘batli kimsalarga o‘xshaydilar. Lekin, haqiqatda esa dunyoga bog‘lanib qolmasdan, undan o‘zlarini forig‘ tutadilar. Alloh subhanahu va taolo marhamat qiladi:

رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ

“Bir kishilarki, ularni tijorat ham, oldi-sotdi ham Allohning zikridan, namozni to‘kis ado etishdan va zakot berishdan mashg‘ul qila olmas. Ular qalblar va ko‘zlar iztirobga tushadigan kundan qo‘rqarlar”. (Nur surasi, 37-oyat).

Tijorat va oldi-sotdilar ularni Allohning zikridan aslo to‘sa olmaydi. Aynan mana shu oyatda ta’kidlangan ishlardan behojat bo‘ladilar.

Bahouddin Naqshband qoddasallohu sirrahu aytadi: “Mino bozorida bir  savdogarni ko‘rdim. U ellik ming dinorlik oldi-sotdi ishlarini qilar edi. Ammo, qalbi biron lahza ham Haqq subhanahu taolodan g‘ofil bo‘lgani yo‘q”.

Bugungi kunda uzoq yillar davomida dinga beqiyos xizmat qilgan ulamolarni internetdagi turli ijtimoiy  tarmoqlarda beadabona so‘zlar va fikrlar bildirib, yaxshi maqsad ko‘zlangan so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilish holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Alloh taolo Qur’on karimda shunday degan: “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat)

Hadisi sharifda shunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi”, dedilar. Muslim rivoyati. Chunki kishi har xil xabarlarni eshitadi. Ularning ichida rosti ham bo‘ladi, yolg‘oni ham bo‘ladi. Agar tekshirib ko‘rmay, eshitganining hammasini gapiraversa, yolg‘on gaplarni ham gapirib qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Ayniqsa, internetdan kelgan xabarni boshqa birovlarga yuborishga, u yerdagi fikrlarga qarshi mutaassibona kayfiyatda fikr bildirishga shoshilmasdan, u xabar kimdan kelgani, u yerdagi so‘zlar qanday holatda aytilgani, aytuvchining holati, shu xabarni yuborishning nima manfaati borligi va nima zarari borligiga e’tibor qaratish lozimdir. Aks holda bilib-bilmay ma’siyat ishlariga mubtalo bo‘lib qolishi mumkin.

Inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Barchalarimiz Alloh taolo bergan behisob ne’matlariga shukr qilgan holda bir-birlarimizga o‘zaro nasihat qilish, ilm va dinda taqvosi bilan mashhur ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlariga rag‘bat ko‘rsatib va ularga amal qilib borishimiz lozim. Mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi barcha xalqlar bilan tinch-totuv yashashga intilishimiz, oila, farzand tarbiyasida muhim bo‘lgan odob-ahloqqa rioya etishimiz kerak.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!