Ukraina YEIdan yarim milliard yevro miqdorida grant oldi

Ukraina YEIdan yarim milliard yevro miqdorida grant oldi

“28-sentyabr kuni Ukraina hukumati davlatni rivojlantirish va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha joriy yil 5-sentyabrda imzolangan shartnoma doirasida YEI grant mablag‘lari sifatida 500 million yevro oldi”, – deya xabar qildi Ukraina Moliya vazirligi matbuot xizmati. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar davlat byudjetining umumiy jamg‘armasiga kiritilib, ijtimoiy-gumanitar sohani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

“Mablag‘larning bir qismi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlash, shu jumladan, kichik fermer xo‘jaliklarining aylanma mablag‘larga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga yo‘naltiriladi”, – deyiladi xabarda.

Sentyabr oyi boshida Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina Ukraina ikki kelishuvga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti va aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa Ittifoqidan 600 million yevrodan ortiq yordam olishini ma’lum qilgan edi. Birinchi kelishuv insonparvarlik yordami va fuqarolik himoyasi mexanizmi bilan qoplanmagan aholining zaiflik darajasini pasaytirish va oziq-ovqat xavfsizligiga bo‘lgan ehtiyojlarini yaxshilash uchun Ukrainaga YEI tomonidan 500 million yevro miqdorida byudjet yordamini nazarda tutadi.

Ikkinchi kelishuv davlat hokimiyati organlari, mahalliy hukumatlar va jamoat tashkilotlari uchun 122 million yevro miqdorida grant yordamini oshirishni nazarda tutadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!