O‘g‘irlik qilgan xodim qanday jazolanadi?
O‘g‘irlik gunohi kabiradir. Alloh taolo Moida surasida shunday marhamat kiladi:
وَالسَّارِقُ وَالسَّارِقَةُ فَاقْطَعُواْ أَيْدِيَهُمَا جَزَاء بِمَا كَسَبَا نَكَالاً مِّنَ اللّهِ وَاللّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
«O‘g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning qo‘llarini kesinglar. Bu Allohdan bezdiruvchi iqob o‘laroq, kasb qilgan narsalariga yarasha jazodir. Alloh o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir» (38-oyat).
Islomda o‘g‘irlik gunohining og‘irligini anglash uchun bu qilmishga yarasha beriladigan jazo haqida fikr yuritish lozim. Ishonib ish berilganning esa o‘g‘irlik qilishi gunohi og‘irroqdir, chunki uning bu ishi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam qayd etgan munofiqlik alomatlaridan biridir.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam munofiqqa quyidagicha ta’rif berganlar: "Omonatga xiyonat qiladi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyatlari).
Agar xodim o‘g‘irlikka qo‘l urgan bo‘lsa, u gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Agar u o‘g‘irlangan narsalarni qaytarib bermasa, chin qalbidan tavba qilmasa, bu dunyoda va oxiratda javob beradi.
O‘g‘irlangan molning qiymatidan ortiq miqdorida xodim maoshidan ushlab qolishga shariatimiz ruxsat bermaydi. Chunki Alloh taolo Baqara surasida shunday deydi:
الشَّهْرُ الْحَرَامُ بِالشَّهْرِ الْحَرَامِ وَالْحُرُمَاتُ قِصَاصٌ فَمَنِ اعْتَدَى عَلَيْكُمْ فَاعْتَدُواْ عَلَيْهِ بِمِثْلِ مَا اعْتَدَى عَلَيْكُمْ وَاتَّقُواْ اللّهَ وَاعْلَمُواْ أَنَّ اللّهَ مَعَ الْمُتَّقِينَ
«Harom oyga harom oy. Harom qilingan narsalarda qasos bor. Kim sizga tajovuz qilsa, siz ham unga qilgan tajovuziga o‘xshash tajovuz qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir» (194-oyat).
وَإِنْ عَاقَبْتُمْ فَعَاقِبُواْ بِمِثْلِ مَا عُوقِبْتُم بِهِ وَلَئِن صَبَرْتُمْ لَهُوَ خَيْرٌ لِّلصَّابِرينَ
Alloh taolo yana deydi: «Agar iqob qiladigan bo‘lsangiz, o‘zingizga qilingan iqobga o‘xshash iqob qiling. Agar sabr qilsangiz, albatta, u sabr qiluvchilar uchun xayrlidir» (Nahl surasi, 126-oyat).
Ulamolarning ta’kidlashicha, kimning moli nohaq tortib olingan yoki o‘g‘irlangan bo‘lsa, u o‘sha mol miqdoridan ortig‘ini olmasligi lozim. Ibn Abdulbarr rahimahulloh "At-Tahmid" kitobida shunday deydi: "Shariat bo‘yicha, jazo zarar miqdoriga barobar bo‘lishi kerak".
O‘g‘irlik sodir etgan odam ishonchni yo‘qotadi. Agar u qilgan ishi uchun tavba qilmasa, Qiyomat kunida javobi bundan-da qattiqroq bo‘ladi.
Alloh taolo shunday deydi:
وَوُضِعَ الْكِتَابُ فَتَرَى الْمُجْرِمِينَ مُشْفِقِينَ مِمَّا فِيهِ وَيَقُولُونَ يَا وَيْلَتَنَا مَالِ هَذَا الْكِتَابِ لَا يُغَادِرُ صَغِيرَةً وَلَا كَبِيرَةً إِلَّا أَحْصَاهَا وَوَجَدُوا مَا عَمِلُوا حَاضِرًا وَلَا يَظْلِمُ رَبُّكَ أَحَدًا
«Va kitob qo‘yildi. Bas, jinoyatchilarni undagi narsadan qo‘rqqan hollarida ko‘rasan. Ular: «Voy, sho‘rimiz qurisin. Bu qanday kitob, kichikni ham, kattani ham hech qo‘ymay hisob qilibdi-ya», derlar. Va qilgan amallarini hozir holda topdilar. Robbing hech kimga zulm qilmas» (Qahf surasi, 49-oyat);
وَلَا يَأْتَلِ أُوْلُوا الْفَضْلِ مِنكُمْ وَالسَّعَةِ أَن يُؤْتُوا أُوْلِي الْقُرْبَى وَالْمَسَاكِينَ وَالْمُهَاجِرِينَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وَلْيَعْفُوا وَلْيَصْفَحُوا أَلَا تُحِبُّونَ أَن يَغْفِرَ اللَّهُ لَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
«Sizlardan fazl va boylik egasi bo‘lganlar yaqin qarindoshlarga, miskinlarga va Allohning yo‘lida muhojir bo‘lganlarga (nafaqa) bermaslikka qasam ichmasinlar, bas, afv etsinlar, o‘tib yuborsinlar. Allohning sizlarni mag‘firat qilishini sevmaysizlarmi?! Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (Nur surasi, 22-oyat).
Bu oyat Oyisha onamiz roziyallohu anho haqida bir kishi turli mish-mish tarqatgan va o‘sha odamga Abu Bakr roziyallohu anhu nafaqa bermaslikka ahd qilganidan keyin nozil bo‘lgan.
Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin, husni xulqli bo‘lishimizda O‘zi madadkor bo‘lsin.
