Turkiya Jumhuriyat Xalq partiyasi favqulodda qurultoy o‘tkazadi

Turkiyaning muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) 6 aprel kuni favqulodda qurultoy o‘tkazadi.
Bu haqda JXP raisi O‘zg‘ur O‘zel jonli efirda ma’lum qildi.
"6 aprel kuni JXP vakillari navbatdan tashqari qurultoyda o‘z xohish-irodasini bildiradilar", dedi u.
O‘zel qo‘shimcha qildiki, partiya 23 martga belgilangan bo‘lajak ichki partiyaviy saylovlarni (praymerizlar) buzishga urinishlarga duch kelmoqda:
"Yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarga xalaqit berish maqsadida CHPga tashqi boshqaruvchi (kurator – tahr.) tayinlash bo‘yicha yangi urinishlarga guvoh bo‘ldik. Lekin, o‘z vakolatlarimdan foydalanib, 15 kundan keyin – 6 aprelda favqulodda qurultoy o‘tkazishga qaror qildim. Bu partiya ustidan tashqi nazorat o‘rnatish rejalarini amalga oshirishga imkon bermaydi”.
Bundan tashqari, O‘zel navbatdan tashqari qurultoyda partiya raisini saylashda o‘zi ham ishtirok etishini tasdiqladi: "Istagan odam o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Bu demokratik raqobat bo‘ladi. Lekin men ham saylovga boraman".
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada JXP a’zosi bo‘lgan Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘lu hibsga olingan edi. U RKK terrorchilik guruhiga aloqadorlik va tenderlarni o‘tkazish, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritish, korrupsiya va tahdidlar bilan tovlamachilikda ayblanmoqda.
Istanbul gubernatorligi 23 martga qadar shaharda miting va namoyishlar, shuningdek, har qanday yurishlar va matbuotda ommaviy bayonotlar o‘tkazishni taqiqladi.