To‘qqiz oyda 620 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi
Joriy yilning to‘qqiz oy davomida tovar-xomashyo birjasi orqali 152 mingdan ortiq avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda O‘zRTXB matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, sotilgan avtomobil raqamlarining jami qiymati 620 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan savdo hajmi ham miqdor, ham pul ifodasida 2,6 barobarga oshgan.
Qayd etilishicha, ushbu sotilgan avtoraqamlardan 97%i jismoniy shaxslarga qolgan 3%i esa yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelgan.
Sotilgan raqamning maksimal narxi o‘zgarishsiz qoldi — 517,1 mln so‘m yoki boshlang‘ich narxdan uchdan ikki qism oshdi, xaridor yuridik shaxs bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rinda 10 iyul kuni 508 mln so‘mga sotilgan «chiroyli» avtomobil raqami turadi. Bundan tashqari, sentabr oyida yana bir raqam kimoshdi savdosida 351,9 mln so‘mga sotilgan.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida 2023 yilda onlayn-auksionlar orqali 87 mingdan ziyod avtoraqamlar sotilgandi. Xususan, sotilgan avtomobil raqamlarining jami qiymati 396,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eng qimmat «chiroyli» avtoraqam yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan.
Undan keyingi ikkinchi o‘rinda yuridik shaxs tomonidan xarid qilingan 439,56 mln so‘mlik avtoraqami turibdi. Eng qimmat beshlikka jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan 399,6 mln so‘m, 395 mln so‘m hamda 378,18 mln so‘mlik avtomobil raqamlari kirdi.