Ispaniyada kuchli sel kelishi va suv toshqinlari oqibatida 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi
Ispaniyaning Valensiya mintaqasida kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan suv toshqinlari kamida 51 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deya xabar beradi mahalliy hukumat.
Viloyat hukumati rahbari Karlos Mazonning aytishicha, jabrlangan hududlarda qutqaruv operasiyasi davom etmoqda va hozircha halok bo‘lganlarning aniq sonini aniqlashning imkoni yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda suv oqimlari ko‘priklar va mashinalarni qanday yuvib ketayotgani aks etgan kadrlar chop etilmoqda. Ayrim videolarda odamlar toshqindan qutulish uchun daraxtlarga chiqishayotganini ko‘rish mumkin.
Ispaniyaning sharqi va janubida kuchli yomg‘ir yog‘ib, ko‘plab hududlarni suv bosgan, temir yo‘l va havo aloqalari ham uzilib qolgan.
Valensiyaga qo‘nishi kerak bo‘lgan ba’zi reyslar bekor qilindi yoki boshqa mintaqalarga yo‘naltirildi. Ispaniyaning ushbu hududida temir yo‘l qatnovi ham butunlay to‘xtatilgan.
Ispaniyalik meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Valensiyada bor-yo‘g‘i sakkiz soat ichida 491 mm yog‘ingarchilik tushdi, bu taxminan yillik normaga to‘g‘ri keladi.
Xabarlarga ko‘ra, suv bosgan hududlarda qolib ketgan yuzlab mahalliy aholi yordam yoki bedarak yo‘qolgan qarindoshlari haqida ma’lumot olish maqsadida OAVga qo‘ng‘iroq qilmoqda.
Qutqaruv xizmatlari odamlarni qidirish uchun dronlardan foydalanadi.
O‘nlab Valensiya aholisi tun bo‘yi o‘z mashinalarida, shuningdek, tom va ko‘priklarda qutqaruvchilarni kutishdi, deb yozadi mahalliy OAV.
«Biz misli ko‘rilmagan vaziyatga duch keldik, uni hech kim eslamaydi», dedi Mazon.
Bir kun avval rasmiylar Valensiya va janubi-sharqdagi Albasete provinsiyasida kamida yetti kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan edi.
Ispaniya davlat meteorologiya agentligi AEMET Valensiya va Andalusiyaning ayrim qismlari uchun ogohlantirish darajasini oshirganini e’lon qildi.
Valensiya meriyasi chorshanba kuni maktab darslari va sport tadbirlari bekor qilinishini va shahar bog‘lari yopiq bo‘lishini aytdi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bedarak yo‘qolganlar haqidagi xabarlarni xavotir bilan kuzatib borayotganini aytdi va jabrlangan hududlar aholisini «keraksiz sayohatlardan qochishga» chaqirdi.