Tungi reyd: 5 nafar axloqsiz ayol qo‘lga olindi
Buxoroda Yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tungi reyd davomida karantin qoidalariga zid ravishda hatti-harakat qilib, jamiyatda jamiyatda yurish-turish qoidasini buzgan ayollar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat IIB YHXBB Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayev ma’lum qildi.
- Karantin davrida, ma’lumki, tungi soat 20:00 ga qadar shaxsiy zarurat sabab avtomashinalarning erkin harakatiga ruxsat berildi. Shu imkoniyatlardan esa ayrim fuqarolarimiz boshqa maqsadlarda foydalanishmoqda. Tungi soat 02:30 dan oshgan bo‘lishiga qaramay, kechki mahalda avtomashinada xufyona uchrashib, spirtli ichimliklar iste’mol qilib, huquqbuzarlik sodir qilgan ayollar sonining oshayotgani ta’bni xira qiladi,-deydi U.Shukrullayev.
Tungi reyd davomidagi birinchi holatga ko‘ra, 21 yoshli Buxoro shahrilik fuqaro N.J. noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangani aniqlangan. N.J. fuqaro A.D.ni kira haqi evaziga o‘z manziliga olib borib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Biroq, Yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan avtomashina to‘xtatilganda, N.J. yo‘lovchi emas, o‘z nikohidagi qizni olib ketayotgani haqida yolg‘on ko‘rsatma bergan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 176-prem, 3-moddasi (Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug‘ullanish) asosida noqonuniy ravishda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanganligi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ikkinchi holatda esa jamiyatda yurish-turish qoidasini buzgan ayollar hatti-harakati mavjudligi aniqlangan. Yo‘l patrul xizmati inspeksiyasi xodimlari “Kobalt” rusumli transport vositasini to‘xtatishgan. Avtomashina salonida bo‘lgan 5 nafar ayol yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi xodimlariga bo‘ysinmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatishgan. Ayol haydovchidan o‘tkir hidli spirtli ichimlik kelib turganiga qaramasdan, u tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik uchun inspeksiya xodimlariga nisbatan nojo‘ya hatti-harakatda bo‘lib, nojo‘ya so‘zlar ishlatib, bo‘yin tovlashgan. Ayollarning faol qarshiligiga qaramasdan, haydovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Natijaga ko‘ra, uning spirtli ichimlik ist’emol qilgani va mast holatda ekani aniqlangan.
Holat yuzasidan ayol haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida Kodeksining 131-moddasi (Transport vositalarini mast holda boshqarish) asosida javobgarlik qo‘llanilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
