Tramp va IT kompaniyalari rahbarlari sun’iy intellektni nazorat qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp va sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar rahbarlari II xavfsizligini ta’minlash va uni nazorat qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Kelishuv Trampning Oq uyda Google, Anthropic, Meta, OpenAI, Nvidia va Ilon Maskka tegishli xAI kabi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvidan so‘ng qabul qilindi.
Tramp hujjatni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, kompaniyalar sun’iy intellekt modellarining imkoniyatlarini nazorat qilish hamda ularning xavfsizlik standartlariga muvofiqligini baholash uchun ichki mexanizmlar yaratishi kerak.
Bu talablar II modellarini ishlab chiqish va joriy etish jarayonida, jumladan, kiberxavfsizlik, biologik va kimyoviy xavfsizlik sohalarida qo‘llanishi kutilmoqda. IT kompaniyalari mustaqil auditorlar bilan hamkorlik qilishi ham nazarda tutilgan.
Trampning ta’kidlashicha, hozircha kelishuv «ma’naviy kuchga» ega bo‘lib, uni sud orqali majburan ijro ettirish mumkin emas.
Shu bilan birga, hujjatda kelajakda ushbu choralarni qonunlar yoki tegishli me’yoriy hujjatlar bilan mustahkamlash zarurati paydo bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
