Tramp urush ochsa, Eron turizmi qay darajada zarar ko‘radi?

Tramp urush ochsa, Eron turizmi qay darajada zarar ko‘radi?

Agar inson iqtisodiyot, moliya yoki biznes sohalariga daxldor bo‘lsa, hamma narsa uning ko‘ziga pul bo‘lib ko‘rinadi. AQSh prezidenti Donald Tramp — iqtisodchi, tadbirkor.

U 4 yanvarda Eron, fors madaniyatiga taalluqli 52 ta ob’ektga hujum qilish haqida tahdid qilgan edi. Bunda prezident Eron xalqining “asabiga tegish” yoki shunchaki dag‘dag‘a qilmagan — bu masalaning iqtisodiy tomoni bor.

Keling, turizmning Eron iqtisodiyotidagi o‘rnini tahlil qilib chiqamiz.

Ma’lumki, Eron dunyodagi neft va gaz zaxiralari bo‘yicha eng yirik 5 ta mamlakatdan biri. Shunday bo‘lsa-da, uning iqtisodiyoti tarkibida turizmning ham o‘z o‘rni bor.

2016 yilda turizm Eron YAIMning 7.3 %ini tashkil qilgan. O‘sha yili Eron xalqaro sayyohlar uchun “eng hamyonbop mamlakat” sifatida ko‘rilgan.

2018 yilda esa xalqaro sayyohlar $11.8 mlrd pulini Eronga “tashlab kelishgan”. Mamlakat turizm qo‘mitasi rahbari Ali Asg‘ar Munisonga ko‘ra, 2018 yil turizm sektorida 200 ming yangi ish o‘rni yaratilgan. Mamlakatdagi har 10 kishidan 1 kishi (10%) turizm sohasida band. Turizm va unga aloqador sohalarda $30.7 mlrdlik mablag‘ aylangan.

Erondagi ichki muammolar tufayli yuzaga kelayotgan noroziliklarga yana 10% ishsiz aholi ham qo‘shilsa, bu narsa fors yurtini ichki siyosatni qayta o‘ylab ko‘rishga majbur qila oladi.

Eron Islom Respublikasi shia mazhabi markazi hisoblanadi. Mashhaddagi Imom Rizo haramiga har yili Iroq, Suriya, Ozarbayjon va Eronning o‘zidan 25 million ziyoratchi tashrif buyuradi. Ziyorat maqsadida bo‘lmasa-da, tarixiy majmuani tomosha qilish uchun yana millionlab chet ellik sayyohlar kelishadi.

O‘ziga to‘q sayyohlarning yangi avlodi sharq xalqlari madaniyatiga qiziqish ortib borayotgan bir davrda Eron madaniy obidalarining yo‘q qilinishi mamlakat uchun hozirgi turizm foydasidan ko‘ra, kelajakda yo‘qotadigan daromadi ko‘proq bo‘ladi (opportunity cost deydi iqtisodchilar tilida).

UNESCO’ning butunjahon madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan 24 ta obidalarni yo‘q qilish uchun odam kamida “ahmoq” bo‘lishi kerak va Tramp bunday emas deb umid qilamiz.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!