Tramp Kim Chen In bilan uchrashmoqchiligini aytdi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi munosabatlarni «yumshatish» va qurolli mojaro xavfini bartaraf etish maqsadida KXDR rahbari Kim Chen In bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazishni muhokama qilmoqda. Bu haqida Reuters xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, yangi diplomatik sa’y-harakatlar qanday natija berishi hozircha noma’lum. Biroq Trampning asosiy maqsadi AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi asosiy aloqalarni tiklashdan iborat. Saylangan prezident jamoasi hozircha siyosiy maqsadlarni muhokama qilmayapti. Chunki Yaqin Sharq va Ukrainadagi dolzarb muammolar tufayli Pxenyan bilan munosabatlar ikkinchi darajali bo‘lib qolishi mumkin.
Tramp o‘zining avvalgi prezidentlik muddati davomida Kim Chen In bilan 3 marta uchrashgan: 2018 yil iyunda Cingapurda, 2019 yil fevralda Xanoyda hamda o‘sha yilning iyunida KXDR va Janubiy Koreya chegarasidagi demilitarizasiya zonasida.
Cingapurdagi uchrashuvdan so‘ng Tramp o‘zi va KXDR rahbari «bir-biriga ko‘ngil qo‘yganini» aytgan.
Saylovoldi kampaniyasi davomida u prezidentlik davrida Shimoliy Koreya rahbari bilan «til topishgani» va Pxenyanning raketa sinovlarini vaqtincha to‘xtatishga erishganini ta’kidlagandi.
Yadro qurollari ko‘p bo‘lgan kishi bilan chiqishish yoqimli. To‘g‘risini aytsam, u meni sog‘inayotgan bo‘lsa kerak, degan o‘shanda Tramp.
O‘tgan hafta u o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga Aleks Vongni tayinlashni taklif etdi. Trampning birinchi prezidentlik muddatida Vong AQShning Shimoliy Koreya bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan va shu lavozimda Kim Chen In bilan muzokaralarni tashkillashtirgan.
Trampning tashabbusiga Kim qanday munosabat bildirishi noma’lum, chunki u AQSh prezidenti Jo Baydenning dastlabki shartlarsiz muzokaralar boshlash takliflarini rad etgan.