Toshkentlik yigit onasi sharmanda bo‘lmasligi uchun firibgar "sevishganlar"ga pul berib keldi, ammo...

Toshkentlik yigit onasi sharmanda bo‘lmasligi uchun firibgar "sevishganlar"ga pul berib keldi, ammo...

Xalqimiz «ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi» deya bejizga aytmagan. Haqiqatan ham, hayotda ko‘nglida g‘arazli maqsadni to‘kkan kimsalar odatda, tez til topib ketishadi.

Masalan, kosonlik Sadriddin Panjiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham 2019 yilning bahor oylarida Chilonzor tumanining «Qa­tortol» dahasida Iroda ismli qiz bilan tanishib qoladi. Shundan so‘ng ularning munosabatlari «quyuq­­­lashib» ketadi, goh pinhona, goh oshkora uchrashib yurishadi.

O‘tgan yil iyul oyida ular oldindan o‘zaro til biriktirib, tovlamachilikka qo‘l urishdi. Gap shundaki, avvaliga ular ijtimoiy tarmoqda «Iroda» nomi bilan shaxsiy profil ochishadi. So‘ngra ana shu profil orqa­li fuqaro O‘ktam Sattorov bilan tanishib, muloqotga kirishadi.

Buni qarangki, bu muloqotlar asnosida Iroda makru hiyla bilan O‘ktamjonning o‘zi va onasi Gulshod Boynazarovaning suratlarini qo‘l­ga kiritadi. Ya’ni, makkor ayolning shi­rin so‘zlariga aldangan yigit onasi va o‘zining suratlarini unga yuboradi.

Shundan so‘ng Sadriddin jilovni o‘z qo‘liga oladi. Aniqrog‘i, u Irodaning nomidan O‘. Sattorov bilan muloqotga kirishib, tovlamachilikni boshlaydi. Avvaliga kompyuterdagi «fotoshop» das­turi orqali ona-bolaning suratlariga behayo tus berib, ularni O‘. Sattorovga yuboradi. Buni ko‘­rib, boyaqish yigit sarosimaga tushib qo­ladi. S. Panjiyev O‘. Sattorov bu behayo suratlarni ko‘rgach, qanday ahvolga tushishini yaxshi tasavvur qi­lardi. Shuning uchun u O‘. Sattorovni fotomontaj qilingan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish orqali qo‘r­qitib, pul talab qiladi.

Elu yurt, qo‘ni-qo‘shni, qa­rindosh-urug‘ va oshna-og‘aynilarining oldida sharmanda bo‘lishini o‘y­lab, chorasiz qolgan O‘. Sattorov tovlamachining talabini bajarib, plas­tik karta raqamiga pul o‘tkazib beradi. Bu tovlamachilikning boshlanishi edi. Shundan so‘ng ikki hamtovoq qayta-qayta pul talab qilaveradi va natijada 2021 yilning noyabr oyi­ga qadar O‘. Sattorovning jami 3 700 AQSh dollarini qo‘lga kiritishadi.

Ammo bu nopok luqma bilan tovlamachilarning nafsi qonmaydi.

Aksincha, ular yana ko‘p­roq pul talab qi­lishga tushishadi. Bu gal S. Panjiyev yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘l­gani, avtomashinasini ta’mirlashga pul zarur ekanini aytib, 2 000 AQSh dollari berishni so‘raydi. Biroq O‘. Sattorov bu talabga ko‘nmaydi. Shun­da tovlamachi notanish ayolning behayo surati ustiga Gulshod Boynazarovaning uyali telefon raqamini qayd etib, unga jo‘natadi. Am­mo tovlamachi g‘arazli maqsadiga yetolmaydi. Shuning uchun u alam ustida ona-bolaning ishlov berilgan suratlarini telegramm ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuboradi. Bu qilmishi bilan tovlamachi O‘. Sattorov va G. Boynazarovaning sha’ni va qadr-qimmatini qasd­dan tahqirlab, ularni haqo­rat qiladi.

Shundan so‘ng Gulshod Boynazarova o‘g‘lidan pul talab qilayotgan «Iroda»ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, hu­quqni muhofaza qi­luvchi idoraga murojaat qil­di. E’tiborlisi shundaki, G. Boynazarova IIB tezkor xodimining xonasida o‘tirgan vaqtida yana yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. U go‘shakni ko‘targanda narigi tomondan ayol kishining ovozi keladi. Qo‘ng‘iroq qiluvchi o‘zi­ni «Iro­da» deb tanishtirib, G. Boynazarova bilan uchrashib, gaplashib olmoqchi ekanini aytadi.

— Men bilan uchrashmoqchi bo‘lsangiz, Sergelidagi deh­qon bozorining yoniga keling, — deydi G. Boynazarova.

Biroq «Iroda» Sergeli tu­­maniga bormasligini, agar yana pul tashlab bermasa, o‘g‘li ikkalasining suratlarini ijtimoiy tarmoqda tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, go‘­shakni qo‘yadi. Shundan so‘ng qonun himoyachilari uyali alo­qa kompaniyalari orqali yashirin raqamning S. Panjiyevga tegishli ekanini aniqlashadi. Oqibatda S. Panjiyev qo‘lga olinadi. So‘ng­ra unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘­yicha Sergeli tumani sudi Sadriddin Panjiyevni Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «v» bandi, 130-moddasi (pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) 2-qismi “a”, “b” band­­lari va 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qis­mi bilan aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Albatta, sud jarayonlarida S. Panjiyevning qarindoshlari tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qop­lab berildi. Ammo G. Boynazarova suddagi ko‘r­sat­masida sudlanuvchidan 200 million so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirib berishni so‘radi.

Sud o‘z hukmida yetkazilgan ma’naviy ziyonni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish hu­qu­qini unga tushuntirib o‘tdi.

Kezi kelganda shuni taassuf bilan ta’kidlash lozimki, so‘ngi payt­larda ijtimoiy tarmoqlar orqali tovlamachilik, firibgarlik, haqo­rat va tuhmat qilish singari jinoyatlar juda ko‘p yuz bermoqda. To‘g‘ri, bunga jabr­lanuv­chi­lar­ning soddadilligi, tanimagan-bilmagan insoni bilan muloqotga kirishishi, ayniqsa, unga ishonib, hiyla-nayranglariga laqqa tushishi ham sabab bo‘layotir. Lekin har bir kimsa jinoiy qilmishi beiz ketmasligi, javobsiz qolmasligini te­ran anglashi shart. Yuqorida bayon etilgan voqea tafsiloti ham shu maqsadga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Sherzod YULDASHEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Sergeli tumani sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!