Toshkentdagi eng ko‘p jinoyat sodir etiladigan tuman nomi ma’lum qilindi

Toshkentdagi eng ko‘p jinoyat sodir etiladigan tuman nomi ma’lum qilindi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, Toshkent shahar hokimiyati, Chilonzor tumani sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, ayrim rahbarlarning, mas’ullarning beparvolik va loqaydlikka berilgani oqibatida so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida yuzaga kelgan kriminogen vaziyat talab darajasida emas. Yig‘ilishda bu alohida qayd etilib, hududda uyushgan jinoyatchilik holatlari uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri bo‘yicha oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni boshqa viloyatlarga nisbatan eng ko‘p, ya’ni har 100 ming aholiga 138 tadan to‘g‘ri kelgan bir vaqtda, Chilonzor tumanida bu ko‘rsatkich shahar ko‘rsatkichidan qariyb ikki baravarga ko‘p bo‘lib, 246 tani tashkil etgan.

Pandemiya sababli joriy etilgan karantin munosabati bilan harakatlanish bir muncha cheklanib, nazorat tadbirlari kuchaytirilgan bir sharoitda Chilonzor tumanida buning aksi bo‘lgan. «Kriminogen vaziyatning bunday ayanchli holatga kelgani tuman mas’ullarining o‘z ishiga o‘ta loqayd va yuzaki munosabatda bo‘lganligidan dalolat beradi», — deyiladi O‘zA xabarida.

Ma’lum qilinishicha, tumandagi vaziyat barqarorligi va aholi xotirjamligiga jiddiy salbiy ta’sir qiladigan mudhish jinoyatlar, jumladan, qasddan odam o‘ldirish, firibgarlik, o‘g‘rilik, bezorilik jinoyatlari hamda ayollar va ishlamaydiganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar keskin oshgan. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, talonchilik hamda residiv va guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar tahlili, sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va ko‘rsatkichlari, qidiruvdagi shaxslar, ochilmagan jinoyatlar, ularning sabablari va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar tumandagi har bir hudud, shuningdek, ayollar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va boshqa toifadagi fuqarolar kesimida tanqidiy ko‘rib chiqildi va atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarning tushuntirish va izohlari tinglandi.

Raislik etuvchi tomonidan tuman hududidagi toifalangan ob’ektlar, katta bozorlar va aholi gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibi nazorat qilinishiga zamonaviy usul va vositalarni keng tatbiq etish choralari ko‘rilishi zarurligi ta’kidlandi.

Jamoat tartibi saqlanishini ta’minlash va qidiruvdagi shaxslarni tezkor aniqlash maqsadida intellektual kameralar, dronlar, «SOS» tugmachasi va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi yuzasidan aniq va asoslantirilgan taklif va tavsiyalar berildi.
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!