Toshkentda xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

Toshkentda xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

30 noyabrdan 2 dekabrgacha Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm-2022” 27-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TXTY) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Innovasion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yarmarka “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyonida o‘tkaziladi. Uning tashkilotchilari Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR markazi” davlat unitar korxonasi, The SAYS LOT MCHJ vakili SAYS ko‘rgazma kompaniyasi hisoblanadi.

Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, ishbilarmonlik aloqalari va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beruvchi axborot maydonchasidir.

TXTY-2022 doirasida konferensiyalar, B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlarining taqdimotlari, milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladigan gastro-bozor tashkil etiladi.

Yarmarka butun dunyodan sayyohlik biznesi mutaxassislarini birlashtiradi va ushbu sohaning barcha vakillari: yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, aviakompaniyalar, yirik mehmonxonalar tarmoqlari, diplomatik korpuslar va turizm sohasidagi ta’lim muassasalari xodimlari uchun manfaatli bo‘ladi.

TXTY doirasidagi forum spikerlari sifatida turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etadi. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, mamlakatdagi yangi manzillarning turistik salohiyatini baholash, O‘zbekiston har bir hududining rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladi.

TXTY 1995 yildan beri BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Ko‘rgazma har yili sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini jamlab, ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!