Toshkentda “Turk dunyosi muloqotlari: mushtarak kelajak, mushtarak qarash” paneli o‘tkazildi
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi Huzuridagi Kommunikasiya boshqarmasi O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida “Turk dunyosi muloqotlari: Mushtarak kelajak, Mushtarak qarash” mavzusida panel dasturini tashkil etdi.
2026 yilning 29–30 oktyabr kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turk davlatlari tashkiloti (TDT) Davlat va hukumat rahbarlarining 13-sammiti oldidan Kommunikasiya boshqarmasi tomonidan TDTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarda turkum panellar o‘tkazilmoqda.
Ushbu turkum panellarning birinchi tadbiri Ostonada, ikkinchisi Bokuda bo‘lib o‘tgan edi. Turkumning uchinchisi esa bugun O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida o‘tkazildi.
Dastur O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) rektori prof. dr. Sodiq Safoyev hamda Turkiya Respublikasining Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi dr. Ufuq Ulutushning kirish so‘zlari bilan boshlandi.
Turkiya Prezidenti Administrasiyasi Huzuridagi Kommunikasiya boshqarmasi rahbari prof. dr. Burhonettin Durán esa ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.
Burhonettin Durán o‘z videomurojaatida Turk davlatlari tashkilotining xalqaro hamkorlikka ochiq va keng qamrovli qarashiga e’tibor qaratib, Turk dunyosining transport, energetika, savdo hamda raqamli iqtisodiyot sohalarida yo‘lga qo‘yayotgan sheriklik aloqalari muhimligini ta’kidladi.
Xalqaro tizimdagi inqirozlar va ortib borayotgan geosiyosiy raqobat fonida Turk davlatlari o‘zaro birdamlikni mustahkamlashi zarurligini qayd etgan Kommunikasiya boshqarmasi rahbari umumiy tarix va madaniy meros ushbu hamkorlikka poydevor bo‘layotganini bildirdi. Ommaviy axborot vositalari va kommunikasiya sohasidagi hamkorlikka ham to‘xtalib, dezinformasiya, nafrat tili hamda raqamli manipulyasiyalar jamiyatlar tinchligi va mamlakatlar o‘rtasidagi jipslikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytib o‘tdi. Bu kabi xavf-xatarlarga qarshi ma’lumot va tajriba almashishni oshirish, birgalikda platformalar yaratish hamda inqiroz davrlarida axborot-kommunikasiya salohiyatini kuchaytirishga chaqirdi. Shuningdek, Anqara sammiti oldidan tashkil etilayotgan ushbu panellar Turk dunyosining umumiy kelajagi uchun g‘oyaviy zamin yaratishiga ishonch bildirdi.
