Toshkentda spa-salonda qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan ayol jazolandi

Bugungi kunda ayrim nopok kimsalar yengil pul topish ilinjida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jirkanch ishni o‘zlariga kasb qilib olib, shuning ortidan tirikchilik qilishni o‘zlariga ep ko‘rmoqdalar. Bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zarur tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2000 yilda tug‘ilgan ayol SH.E. Toshkent shahrida “Sog‘lomlashtirish markazi” SPA salon ochib, uning niqobi ostida fohishaxona tashkil etgan hamda salonga kelgan fuqarolar va ishchi qizlar o‘rtasida qo‘shmachilik qilib, ularning o‘zaro jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib kelgan. Fuqaro murojaatiga ko‘ra o‘tkazilgan tezkor tadbirda bu holat o‘z isbotini topgan va ish sud hukmiga havola etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida ish ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi SH.E.ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq 9 000 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan hamda davlat foydasiga undirilishi ko‘rsatilgan.
Sudning bu boradagi ijro hujjati 18.05.2023 yilda chiqarilgan va ijro qilish uchun Byuroning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limiga yuborilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida ijro harakatlari olib borildi va javobgar SH.E.dan davlat foydasiga 9 000 000 so‘m miqdordagi jinoiy jarima pullari to‘liq undirildi.