Toshkentda qizlarni haqorat qilgani aytilgan imom ishdan olindi

Toshkentda qizlarni haqorat qilgani aytilgan imom ishdan olindi

Shu yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi yig‘ilishida Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov masalasi ko‘rib chiqildi. Unda imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda imom-xatibning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga alohida urg‘u qaratildi. Ayniqsa, ichki me’yoriy hujjatlarda belgilangan “fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish”, va “o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rish” degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamiyatda o‘zini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna ko‘rsatishi, imomlik maqomiga munosib bo‘lishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan normativ hujjatlarda ham imom-xatib tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga amal qilishi va mehnat majburiyatlariga rioya etishi qat’iy belgilab qo‘yilgan edi.

Afsuski, Avazxo‘ja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan me’yoriy hujjatlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, ichki tartib qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani ma’lum bo‘ldi.

Ichki nazorat komissiyasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qildi. Shuningdek, bunday shaxslarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida o‘rin yo‘qligi alohida ta’kidlandi.

Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxo‘ja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotganini ma’lum qilamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!