Toshkentda pichoq bilan qurollangan haydovchiga pistoletda o‘q uzildi

Toshkentda pichoq bilan qurollangan haydovchiga pistoletda o‘q uzildi

7-dekabrdan 8-dekabrga o‘tar tunda taxminan soat 3.10 da Chilonzor tumanidagi Muqimiy va Baynalminal ko‘chalari kesishmasida “Labo” rusumli avtomobilni boshqarib borgan haydovchi beton to‘siqqa to‘qnashgan. YTH natijasida “Labo” avtomobili ag‘darilib ketgan. Haydovchiga yordam berish uchun IIBB xodimlari va hodisa guvohlari kelib, avtomobilni g‘ildiraklariga o‘nglab qo‘yishgan. “Labo” haydovchisi kabinadan chiqmas edi. Voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan PPX xodimi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar berdi. Haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so‘ramoqchi bo‘lganida, PPX xodimi haydovchining g‘ayritabiiy harakatlari va gaplariga, hamda harakatlarida muvofiqlik yo‘qligiga e’tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantirgan edi. Taxminga ko‘ra haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta’siri ostida bo‘lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga yetib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko‘rsata boshlab,  tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan.

Yonidagi pichog‘ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa unga jarohat yetkazishi bilan qo‘rqitardi. O‘tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to‘xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko‘paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf yuzaga keldi. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qiladi. YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo‘rol qo‘llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o‘zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchimoqchi bo‘lgan. Shundan so‘ng YPX inspektori yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzdi, bu ham qoidabuzarga ta’sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q o‘zdi. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashladi. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazildi.

Haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida u – Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 (“Qasddan odam o‘ldirish”) va 109-moddalari (“Qasddan badanga yengil shikast yetkazish”) bo‘yicha sudlangan 43 yoshli Nusrat I. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

“Labo” avtomobili salonida ochiq holatdagi aroq va konyak shishalari topildi.

Hozirgi vaqtda fuqaro Nusrat I. o‘z harakatlarini tushuntirishga qodir emas, chunki u ayni damgacha mast holatdadir.

Chilonzor tumani prokuraturasi Nusrat I.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi bilan shug‘ullanmoqda.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Djurayev R. xodimlarni rag‘batlantirish haqida topshiriq berdi.

Ma’lumot uchun: o‘qotar qurolni qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi bilan belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!