Toshkentda masjid imomlari qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganligi aytildi

Toshkentda masjid imomlari qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganligi aytildi

Bugun, 11 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Toshkent shahar imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlis avvalida har bir imom-xatib din g‘ami, xalq dardi va yurt taqdiri yo‘lida astoydil xizmat qilishi lozimligi, din peshvosi sifatida, aholi, ayniqsa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, so‘nggi yillardagi ne’matlar qadriga yetish va berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga katta urg‘u qaratildi.

Tanqidiy masalalar muhokamasida ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlashda yetarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yo‘riqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora ko‘rilgani aytildi.

2024 yilning o‘tgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani hamda 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga esa hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangani ma’lum qilindi.

Muftiy hazratlari har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib bo‘lishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, barcha imom-xatiblarni ushbu martabada shariat xodimi sifatida ixlosu muhabbat, taqvo va sadoqat bilan xizmat qilishlariga da’vat etdilar.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov va tajribali imom-xatiblar muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida berilgan topshiriqlar yuzasidan reja ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifalari yuklandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!