Toshkentda "Ipak yo‘li: turizm prizmasi orqali hamkorlik" xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi
Bugun, 10 oktyabr kuni poytaxtimizning “Wyndham Tashkent” mehmonxona majmuasida “Ipak yo‘li: turizm prizmasi orqali hamkorlik” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.
Xalqaro konferensiyani Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev ochib berdi. “Bugungi kunda turizm sohasini yanada jadal rivojlantirishda soha uchun kadrlar tayyorlash, ilmiy yondashuvlar va tadqiqotlarni olib borish hammamiz uchun muxim vazifadir. Hozirda 35 ta oliy ta’lim muassasasida 11,5 ming nafar talaba va professional ta’limda 2 mingdan ortiq o‘quvchilar turizm yo‘nalishida ta’lim olmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu orqali yoshlarga sohada yetakchi bo‘lgan davlatlar tajribasidan kelib chiqib turizmga oid ta’lim berish sifatini oshirishga erishish ko‘zlangan”, - dedi Umid Shadiyev.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning konstruktiv fikr va tajriba almashishi, umumiy makonda turizmni rivojlantirishning yagona strategiyasini shakllantirish uchun o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashdan iborat.
Ilmiy konferensiya ishida 250 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan Ozarbayjon, Misr, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Singapur, AQSH, Tojikiston, Turkiya va Yaponiyadan xorijiy mehmonlar qatnashmoqda.
Yalpi majlis va sho‘’balarda Ipak yo‘lida vujudga kelgan tarixiy jarayonlar, dastlabki davlatlardan tortib buyuk imperiyalargacha bo‘lgan tarixiy-madaniy merosga oid ilmiy ma’ruzalar bilan 50 dan ortiq ma’ruzachilar tinglandi, turizm salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Konferensiya mavzusining alohida qismi “yashil” texnologiyalar va ekologik xavfsizlikka bag‘ishlandi.
Ushbu tadbirning alohida voqealaridan biri Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan olimlarga “Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining Faxriy professori” unvonini topshirish marosimi bo‘ldi.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining xorijiy va mahalliy hamkorlar bilan hamkorligi to‘g‘risida memorandumlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya 11 oktyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi.