Poytaxtda qarzdorliklar sababli ko‘chmas mulklar auksionga chiqarilmoqda
Ijtimoiy munosabatlarda fuqaro yoki tadbirkor bo‘lsin, o‘zaro moliyaviy-moddiy hamkorlik qilishi uchun qarz oldi-berdisini amalga oshirishi mumkin.
Yoki bank xizmatlaridan mijoz sifatida albatta foydalanadi.
Olingan qarz o‘z vaqtida to‘lanmasa, yoki banklar tomonidan beriladigan kredit mablag‘lari maqsadli ishlatilmasdan, qoplanmasa, da’vogar albatta sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilish, moddiy zarar o‘rnini qoplash chorasini ko‘radi.
Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar foydasiga qarzdorliklarni undirish, kredit qarzdorliklarini qoplashga oid ijro ishlari bo‘yicha doimiy ravishda ijro harakatlari olib borilmoqda.
Majburiy ijro byurosining Yangihayot tuman bo‘limi ish yurituvidagi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor “M.T.-B.B.” xususiy korxonadan undiruvchi korxonalar va davlat foydasiga jami 936 mln. 961 ming 836 so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga yilda kelib tushgan.
Qarzdor korxonaga ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarori yuborilgan. Shuningdek, qonun talabi asosida qarzdor korxonaga ixtiyoriy muddat berilgan. Korxona berilgan muddatda 5 ta undiruvchi korxonalar hamda davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan boj summalarini qoplamaganidan so‘ng majburiy ijro harakatlariga kirishilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan avtotransport hamda ko‘chmas mulk xatlangan. Hozirda ko‘chmas mulk va avtotransport vositasini realizasiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ijro varaqasiga asosan qarzdor “E.Q.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi ATB "Kapitalbank" foydasiga 598 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit qarzdorliklari va undiruvni garovdagi “A.B.” korxonasiga tegishli, Chilonzor tumani, Bunyod ko‘chasida joylashgan noturar binoga qaratish belgilangan. Qarzdor korxona kredit qarzdorligini qoplash uchun qonun talabi asosida ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lib, biroq berilgan muddatda ham korxona qarzdorligini to‘lamagan.
Oqibatda, Byuroning tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, majburiy ijro harakatlari davomida ijro varaqasida ko‘rsatilgan 3 gektarlik noturar bino xatlanib, onlayn auksion savdolariga chiqarildi.
Savdodan tushgan pul mablag‘lari bankning kredit qarz summalari uchun yo‘naltiriladi.