Toshkentda ikki avtobus haydovchisi o‘rtasida janjal yuz berdi

Toshkentda ikki avtobus haydovchisi o‘rtasida janjal yuz berdi

“Toshshahartransxizmat” Mirzo Ulug‘bek tumani hududida ikki avtobus haydovchisi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 12 aprel kuni soat 20:05 larda “5-avtobus saroyi” filiali tasarrufida bo‘lgan MAN rusumli 1-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadigan avtobus haydovchisi R.O‘. va 1-yo‘nalishda harakatlanuvchi MAN rusumli avtobus haydovchisi M.F. o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.

Haydovchi M.F. belgilangan harakat jadvaliga rioya qilmasdan R.O‘. boshqaruvidagi avtobusdan oldin “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan “Yugnakiy mavzesi” bekati tomon harakatni oldin boshlab yuborgani sababli Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi “Sayohat” bekati qarshisida o‘zaro janjal yuzaga kelgan va haydovchi R.O‘. haydovchi M.F. boshqaruvida bo‘lgan MAN rusumli avtobusning kalitini olib ketib qolgan.

Mazkur holatdan xabar topgan “5-avtobus saroyi” mutasaddilari tezkorlik bilan yo‘nalishga chiqib, avtobusning kalitini haydovchiga yetkazishgan hamda avtobus o‘z yo‘nalishida harakatlanib yo‘lovchilarni belgilangan manzilga olib borgan.

Shundan so‘ng ushbu ikki avtobus “5-avtobus saroyi” filiali hududiga olib kelingan va haydovchilar bilan bo‘lgan voqea yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, yo‘nalish davomida avtobusda yo‘lovchilar bo‘lishiga qaramasdan ushbu avtobusning kalitini olib ketib, yo‘lovchilarni kutib qolishlariga sabab bo‘lgani va korxona ichki mehnat tartibini buzgani uchun haydovchi R.O‘.ga nisbatan qat’iy intizomiy chora ko‘rilishi ma’lum qilingan.

Bir necha kun oldin Toshkentda avtobus haydovchisi eshikka qisilib qolgan yo‘lovchini bir necha metrga sudrab ketgandi. Undan oldin esa Buxoroda ikki avtobus haydovchisi svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangani to‘g‘risida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!