Toshkentda bir yilda 1500 kishi dori ichib, o‘z joniga suiqasd qilgan
O‘zbekistonda 2025 yilda dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan shifokor tavsiyasisiz qabul qilish ortidan tez tibbiy yordamga murojaatlar ko‘paygan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, elektron resept tizimi dorilarning nojo‘ya ta’sirining oldini olish maqsadida joriy etilmoqda. Chunki ayrim odamlar dorixonalardan shifokorlar tavsiyasisiz dori sotib olib, iste’mol qiladi. Oqibatda sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda.
“Respublikada 2025 yilda dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan shifokor tavsiyasisiz qabul qilgan 24 mingdan ortiq bemor tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Shundan 418 ta holatda anafilaktik shok yuzaga kelgan. 7 017 ta holatda doridan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan, zaharlanish shok holatigacha bormagan. O‘z joniga suiqasd qilish holatlari ham juda muhim masala. Yil davomida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga (xalq tilidagi “16-gorbolnisa”) 2500 ta bemor murojaat qilgan. Ularning 1500 nafari o‘z joniga suiqasd qilish maqsadida aynan dori vositasini ichgan. Shifokor tavsiya bermagan bo‘lsa, dorini qayerdan oldi? Tartibsizlik natijasida to‘g‘ri kelgan dorixonaga borsangiz sotishadi”, dedi vazirlik rahbari.
Asilbek Xudayarov elektron resept tizimida kim qanaqa dori yozgani, qaysi dorixonadan necha pulga xarid qilinganini kuzatib borish imkoniyati yaratilishini bildirdi.
“Misol uchun, tug‘ruqxonalarni oladigan bo‘lsak, o‘rtacha 120 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar davlat tomonidan bepul beriladigan paytda 70 foizi, ya’ni 85 tasi resept bilan beriladigan dorilar hisoblanadi. Bungacha shifoxonada mavjud bo‘lgan dori byudjet tomonidan ta’minlangan. Lekin shifokorlar tomonidan bemorlarga hech qanday to‘siqsiz shifoxonada mavjud bo‘lgan kafolatlangan paketdagi dori vositasini ham yozib berish holatlari aniqlangan”, dedi u.
Yangi tizim shifokor va farmasevtika kompaniyalari o‘rtasidagi korrupsiyaga barham berishiga ishonilmoqda.
“Elektron resept tizimida faqatgina dorining xalqaro nomi yoziladi, savdo nomini yozish imkoniyati chegaralangan. Bu norasmiy kelishuvlarni cheklaydi. Bundan tashqari, ayrim shifokorlar 10-15 ta dori yozib beradi. Lekin elektron reseptda klinik protokollar asosida beshtagacha dori yozish mumkin. Beshtadan ortiq dori yoziladigan bo‘lsa, albatta konsilium natijasida asoslantirish shart. Ma’lum shifokorlar bu narsani bosh og‘riq deb xohlamay, orqaga qaytishga majbur bo‘ladi. Shifokorlarning to‘g‘ri tashxis qo‘yish, resept yozishda mas’uliyati, javobgarligi oshiriladi. Ya’ni har bir dori shifokor tomonidan tayinlanishi kerak. Shifokor doimiy raqamli kuzatuv ob’ektiga aylanadi. Bemorga tashxisni, davolash tavsiyasini dorixona yoki dorixonachi emas, shifokor tayinlashi kerak. Xohlagan aptekaga kiramiz, boshim og‘riyapti deysiz. Kelib chiqishi va ma’lumoti bizga noma’lum bo‘lgan shaxs dorixonada o‘tirib, bosh og‘rig‘iga dori tavsiya qiladi. Bu narsaga chek qo‘yish kerak”, dedi Aslibek Xudayarov.
Ma’lum qilinishicha, hozirda elektron resept tizimini Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov hududida bosqichma-bosqich joriy etildi. Respublikaning qolgan hududlarida esa tizimga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
