Toshkent metropolitenidan foydalanishda pensiya oluvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida

A A A
Toshkent metropolitenidan foydalanishda pensiya oluvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda pensiya oluvchilarning hayot faoliyati va turmush darajasini yanada yaxshilash, ularning shahar yo‘lovchi tashish transportidan foydalanishida qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent metropolitenining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Bunda, Toshkent metropolitenining mazkur bandda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish evaziga olinmay qolgan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2023 yil 15 mart


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!