Tolibon Afg‘onistonda bolalarni harbiy harakatlarga jalb qilmoqda
AQSh Davlat departamentining 2026 yilgi hisobotida Tolibon va Afg‘onistondagi boshqa qurolli guruhlar bolalarni noqonuniy ravishda harbiy harakatlarga jalb qilayotgani ma’lum qilindi. Hisobotga ko‘ra, voyaga yetmaganlar portlovchi qurilmalarni o‘rnatish, qurol tashish, razvedka olib borish va harbiy bazalarni qo‘riqlash kabi vazifalarda ishlatilmoqda.
Hujjatda Tolibon bolalarni aldash va majburlash orqali, jumladan, Afg‘oniston hamda Pokistondagi ta’lim muassasalaridan jalb qilishi qayd etilgan. Ayrim bolalar harbiy tayyorgarlik berilishi aytilgan diniy maktablarga yuborilayotgani bildirilgan.
Hisobotda «Islom davlati» terrorchilik tashkilotining Xuroson bo‘linmasi (ISHID-Xuroson) va Milliy qarshilik fronti ham bola askarlardan foydalanayotgan guruhlar sifatida keltirilgan.
AQSh Davlat departamenti, shuningdek, Afg‘onistonda bolalar majburiy mehnat va jinsiy ekspluatasiya qurboniga aylanayotganini ta’kidlagan. Xususan, «bacha bozӣ» deb ataluvchi amaliyot doirasida 10–18 yoshli o‘g‘il bolalar ekspluatasiya qilinishi qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, xalqaro tashkilotlardan biri Tolibon bilan muzokaralar natijasida uning saflaridan 58 nafar bolani ozod etishga erishgan. Biroq AQSh tomoni harakat bolalarni harbiy xizmatga noqonuniy jalb qilishning oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rmaganini bildirgan.
Afg‘oniston odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha AQShning yillik hisobotida eng past — uchinchi toifada qoldirilgan. Hujjatda mamlakatda odam savdosi qurbonlarini aniqlash, ularni himoya qilish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish borasida jiddiy kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan.
Shuningdek, ayollar va qizlarning ta’lim olishi, ishlashi hamda erkin harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar ularning ekspluatasiyaga uchrash xavfini oshirayotgani ta’kidlangan.
AQSh Davlat departamenti hisobotda Tolibon haqida keltirilgan ma’lumotlar AQSh uni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olganini anglatmasligini alohida qayd etgan.
