Tojikiston piyoz, kartoshka va sabzi eksportini vaqtincha taqiqladi

Tojikiston piyoz, kartoshka va sabzi eksportini vaqtincha taqiqladi

Tojikistonda yangi hosil yig‘ib olinmaguncha piyoz, kartoshka va sabzi eksport qilish taqiqlandi. Bu haqda Respublika Qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda ma’lum qildi.

“Hukumatning so‘nggi yig‘ilishida bozordagi vaziyat barqarorlashgunga qadar ushbu mahsulotlarni eksport qilishni vaqtincha taqiqlash topshirilgan”, deya ta’kidlagan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Shuningdek, u mazkur chora ushbu turdagi mahsulotlar narxining oshishi bilan bog‘liqligini qo‘shimcha qilgan.

Unga ko‘ra, hozirda Tojikistonda bu sabzavotlarning yetarli zaxirasi mavjud. Agar ulardan to‘g‘ri foydalanilsa, keyingi hosilga qadar yetadi. Odatda bu mart oyining oxiri va aprel oyining boshlarida to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Tojikistondan 190 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan. Bu 2021 yilga nisbatan 17,6 ming tonnaga kam hisoblanadi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda qishloq xo‘jaligi eksportining 40 foizdan ortig‘i sabzavot, 30 foizga yaqini meva mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!