Tejamkor bo‘ling, qashshoq bo‘lmaysiz!

Alloh taolo odamni yaratib, unga turli nozu ne’matlarni ato etdi. Bu to‘g‘risida Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi: “Batahqiq (men) odam farzandini (aziz) va mukarram qildim. Va (odam farzandini) quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydim. Hamda ularga pok narsalardan rizq berdim va ularni o‘zim yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qildim” ("Isro" surasi, 70-oyat).
Oyati karimadan ma’lumki inson barcha yaratilgan maxluqotlar ichida eng mukarram va ulug‘idir. Uni Yer yuzida pok bo‘lgan ne’matlar bilan rizqlantirib qo‘ydi. Va yana barcha mavjudotlarni orasida yaralishlik jihatidan fazilatli qilib qo‘ydi.
Demak inson zoti mukarramligi dunyoni to‘g‘ri, odilona ko‘z bilan ko‘rishligi, aql farosat bilan ish yuritishligidadir. Aql farosat bilan ish yuritish Alloh taolo bizlarga bergan ne’matlarni qadriga yetishlikdir. Bu ne’matlarning ulug‘i, umr ne’matidir. Umrni behuda, bekorchi narsalarga sarflansa bu ham isrofgarchilikka kirib, umrni isrof qilgan hisoblanadi. Chunki insondan Qiyomat kunida avvalo uning bu dunyodagi yashab o‘tgan umri to‘g‘risida so‘raladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Imom Termiziy rivoyat qilgan mana bu hadisi sharifda: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan qimirlamaydi:
Umrini qanday o‘tkazgani.
Yoshlikda nima amal qilgani.
Molini qayerdan topib, qayerga sarflagani.
Olgan ilmiga qay darajada amal qilgani”-deb marhamat qildilar.
Demak Alloh taolo bizlarga bergan ne’matlarni isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, hayotimiz davomida o‘zimizga bir me’yorni tanlab olmog‘imiz bo‘ladi.
Bu me’yor esa umrni Qur’oni karim va hadisi sharif ta’limoti asosida olib borishligimizdir.
Fuqaholar ham isrofni ikki xilga bo‘lganlar:
Molni xaromga sarflash.
Molni shariat yuzasidan bo‘lmagan muboh ishga sarflash.
Molni shariat yuzasidan bo‘lmagan muboh ishga sarflashlikka misol tariqasida to‘ylardagi ortiqcha qilinayotgan savatlarni keltirish mumkin.
Alloh taolo dunyodagi barcha narsalarni qat’iy mezon bilan yaratgan bo‘lib, undagi birorta narsa ham behuda va ortiqcha emas. Islom ta’limoti insonlarga o‘zlari uchun yaratilgan narsalardan oqilona va me’yori bilan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib bergan. Biz mana shu ko‘rsatmalarga muvofiq hayot kechiradigan bo‘lsak Inshaalloh hidoyatda yurgan kishilardan hisoblanamiz. Buning aksi bo‘ladigan bo‘lsa, u holda bu illat isrof deb ataladi.
Muqaddas dinimiz, biz insonlarni isrofning barcha ko‘rinishlaridan qaytargan va uning yomon oqibatlarini ham bayon qilgan. Jumladan Qur’oni karimning A’rof surasi 31-oyatida “Ey odam bolalari! Har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatlaringizni olinglar. Yenglar ichinglar isrof qilmanglar. Chunki u isrof qilguvchilarni yaxshi ko‘rmaydi”.
Alloh taolo odam bolasiga yeyishga, ichishga buyuradi. Bularni barchasida isrofdan qaytaradi. Va yana isrofgarlarni yaxshi ko‘rmasligini ham aytib qo‘yadi.
Mumin kishi oziq-ovqat munosabatida ham boshqalarga o‘rnak bo‘ladi. Chunki u yashashlik uchun yeydi.
Albatta yeb ichish gunoh emas, isrof qilishlik gunohdir. Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) keltirgan rivoyatda hazrati Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Seni ikki xislat, faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, hohlaganingni yeb hohlaganigni ichaver” - deganlar.
Afsuski ba’zi kishilar yeb-ichishning xilma-xil va ko‘p bo‘lishini hayotning asosiy mezoni deb bilsalar, boshqa kishilar xususan, bizda odamlar oziq-ovqatni isrof qilish deganda, yemay tashlab yuborishni tushunadilar. Bu, aslida, to‘g‘ri. Ammo keragidan ortiq yemoq ham isrofdir.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisning sharhidan shuni tushunamizki, inson qornini uch qismga bo‘lishi kerak, uchdan biri taom uchun, uchdan biri ichimlik uchun, uchdan biri havo uchundir. Oziq-ovqatni yeyishlikdagi isrofgarchilik hattoki ba’zi bir kasallikni ham keltirib chiqaradi. Bu esa isrofning haromligiga yaqqol dalildir.
Demak biz chindan ham o‘zimizni Allohning bandasi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ummatlari deb bilsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan holda isrofgarchilikni oldini olishligimiz hamda barcha ishlarimizda o‘zimizga o‘rtahollikni lozim tutishligimiz lozim bo‘ladi. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir” deb marhamat qilganlar.
Alloh taolo Qur’oni karimning Furqon surasi 67-oyatida shunday deydi: “Ular infoq qilganlarida isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o‘rtasida mo‘’tadil bo‘lurlar”.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘’tadil bo‘lishi kerak. Hech qachon molu dunyoni isrof qilmasligi kerak va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Bu to‘g‘risda Isro surasi 29-oyatida shunday deyiladi: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang.(Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”.
Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar esa ham aqlan ham shar’an qoralanib, ulardan xazar qilishga buyurilgan. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Isro surasi 26-27-oyatida shunday marhamat qiladi: “…Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodaridirlar. Shayton esa Robbisiga nisbatan o‘ta noshukur edi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda ham isrofgarchilikdan qaytarilib, tejamkorlikka targ‘ib etiladi: “Allohning nozu ne’matlaridan hohlagancha yeb-ichinglar, xayru-ehson qilinlar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!”.
Darhaqiqat har bir narsaning o‘rtasi yaxshi degandek, mol-dunyo sarflashda ham me’yorni saqlash lozimdir.
Albatta bizning xalqimiz mehmodo‘st saxovatli halq bo‘lganligi uchun nishonlanadigan marosimlarimiz juda ko‘p. Islom dinida ham xursandchilik kunlarida xususan nikoh, aqiqa va shunga o‘xshash marosimlarda dasturxon yozib, qarindosh-urug‘ va qo‘ni-qo‘shnilarni mehmon qilishlikka targ‘ib qilingan. Lekin bunday marosimlarda ham keragidan ortiqcha sarf-xarajat qilishlik ham isrofgarchilikka olib keladi. Shariatimizda xayr-ehson qilishlikka targ‘ib qilinishidan asosiy maqsad muhtoj va faqirlarga moddiy yordam berishdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida: “Taomlarning eng yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirligan ziyofatdir” – deb marhamat qilganlar. (muttafaqun alayh).
Shunday ekan yaxshi niyatda xayru-ehson qilishni istagan kishi sarflagan moli isrof bo‘lib behuda ketmasligini o‘ylashligi, qolaversa savob bo‘ladigan tomonlarini axtarishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muhammadali KATTABAYEV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti ARM mudiri,
Azon.uz