Suyultirilgan gaz uchun to‘lovlar ID kartalar orqali amalga oshirilmoqda

Suyultirilgan gaz uchun to‘lovlar ID kartalar orqali amalga oshirilmoqda

Maishiy iste’mol uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha “Hududgaztaminot” AJ tomonidan iste’molchilarga maxsus ID kartalar yetkazib berilgan. Shuningdek, “E-Gaz” dasturi ishlab chiqilib, unda barcha iste’molchilar va maishiy gaz ballonlarning ro‘yxati shakllantirilgan.

–Asosiy maqsad – iste’molchilarni belgilangan muddatlarda uzluksiz suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, aholi va gaz ta’minoti tashkilotlari o‘rtasidagi anglashilmovchiliklarning oldini olish, zamonaviy texnologiyalarni tadbiq etgan holda qulaylik yaratish, –deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Bobir Mamedov. –Avtomatlashtirish jarayonini sifatli joriy etish amalda o‘z natijalarini ko‘rsatishi uchun nafaqat gaz ta’minoti xodimlari, balki bevosita iste’molchilarning ham e’tibor va sa’y-harakatlari zarurdir. Ularga birinchi marotaba bepul taqdim etiluvchi ID kartalardan ehtiyotkorlik bilan, maqsadli foydalanishi va ushbu kartalarni aslo uchinchi shaxsga bermasliklari, shuningdek, foydalanishda bo‘lgan maishiy gaz ballonga biriktirilgan maxsus bar-kodli yorliqlarni asrash choralarini ko‘rish talab etiladi. Buxoroda bu borada tushuntirishlar davom etmoqda. Yangi iste’molchilar soni ortib borayotganligi sabab ularga maxsus kartalar berilib, to‘lovlar onlayn qabul qilinmoqda.

Viloyatda istiqomat qiluvchi suyultirilgan gaz iste’molchilariga 173 ming 612 dona ID karta tarqatilgan bo‘lib, to‘lovlar onlayn amalga oshirilmoqda. Gaz ballonlarining 348 ming 120 donasida esa maxsus stikerlar yopishtirilgan.

Yuqorida keltirilgan avtomatlashtirilgan tizim ta’minotning xizmat ko‘rsatish sohasida ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etadi. Suyultirilgan gazni aholiga yetkazib berishda shaffof to‘lov tizimi va hisobining yuritilishi orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida, nazorat ostida amalga oshirilish imkonini beradi. Avtomatlashtirilgan tizim amaldagi qog‘obozlikka bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qiladi. Eng asosiysi, xizmat ko‘rsatish shaffofligiga salbiy ta’sir etuvchi inson omillarining oldini olish kabi qulayliklarni o‘z ichiga oladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!