Surxondaryodagi konda burg‘ilash ishlari vaqtida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqib ketdi

Surxondaryodagi konda burg‘ilash ishlari vaqtida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqib ketdi

Kecha, 1-sentyabr kuni soat 15:17 da Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ulash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuasiya qilingan.

Voqea tufayli fuqarolarning tan jarohati olishi yoki halok bo‘lish holatlari kuzatilmagan. Ayni paytda vaziyat to‘liq nazorat ostida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan topshiriqlariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borishdi. Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Hodisa to‘g‘risida yana batafsil ma’lumot beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!