Subsidiya faqat kam ta’minlanganlarga beriladimi?

— Tanishimga subsidiya olmoqchi ekanimni aytganimda, faqat kam ta’minlangan oilalarga yoki yolg‘iz ayollarga berilishini aytidi. Moddiy ahvolim yomon emas. Bundan chiqdi, menga subsidiya berilmaydimi?
Ismi sir tutildi
— Sudsidiya – ipoteka kreditlari asosida kvartira sotib olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizining bir qismini yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvaraqqa o‘tkazilgan mablag‘ tushuniladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 25 martda 182-sonli qarori bilan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)da davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Ariza beruvchining arizasi u ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Mas’ul tashkilotlar yetti ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqadi.
YAIDXPda onlayn elektron shaklda quyidagi ma’lumotlarni:
- davlat soliq inspeksiyasi — soliq to‘lovchining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami bo‘yicha ariza beruvchi va oila a’zosi sifatida keltirilgan shaxslarning daromadlarini aniqlaydi;
- davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi — ariza beruvchi, turmush o‘rtog‘i va turmush qurmagan farzandlarining nomida mulk huquqi bilan turar joyning mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlarni;
- tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari — ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashgan muhtoj onalar toifasiga mansubligini;
- Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi — ariza beruvchining alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligini;
- tuman (shahar) hokimligi — ariza beruvchining “Mehr daftari”ga kiritilgan yoki undan chiqarilgan 30 yoshdan oshmagan yoshlar toifasiga mansubligini tasdiqlaydi.
YAIDXPda mas’ul tashkilotlar o‘rganib chiqish natijalariga ko‘ra, kiritilgan ma’lumotlar asosida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi avtomatlashtirilgan tarzda ballar ko‘rinishida baholanadi.
Komissiya raisi ijtimoiy mezonlar yuzasidan baholash natijalariga asosan ariza beruvchiga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etishni elektron shaklda tasdiqlaydi.
Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida elektron tasdiqlangan QR-kod qo‘yilgan qaror tegishli tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.
Ushbu xabarnoma Davlat xizmatlari markazi tomonidan bir ish kunida ariza beruvchiga yuboriladi. Bundan tashqari, YAIDXP orqali ariza beruvchiga “SMS” xabar yuboriladi.
Ijtimoiy mezonlar asosida baholangan ariza beruvchi 30 va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, talabgor sifatida tan olinib, kvartira sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olishga haqli deb hisoblanadi.
QANDAY HOLLARDA ARIZA BERUVCHIGA SUBSIDIYa AJRATISh RAD ETILADI?
1. Arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;
2. Ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
3. Ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiya olgan (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) oila a’zolari takroriy murojaat etganda;
4. Joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda.
ARIZA BERUVCHI YOKI OILANING O‘RTACHA OYLIK DAROMADI QANCHA BO‘LISHI KERAK?
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lishi lozim.
Yuqorida qayd qilingan Nizom talablariga ko‘ra, siz istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga murojaat etishingiz yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Arizangizga asosan tegishli komissiya sizga ijtimoiy mezonlar yuzasidan baholash natijalariga asosan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida xulosa beradi.
G‘ayrat ERGASHEV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi.